[go: up one dir, main page]
More Web Proxy on the site http://driver.im/Kontent qismiga oʻtish

Eron

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Eron Islom Respublikasi
forscha: جمهوری اسلامی ایران Jomhuri ye Eslāmi ye Irān
Shiorforscha: اﺳﺘﻘﻼﻝ، ﺁﺯﺍﺩﻯ ا، جمهوری اسلامی / Esteqlāl, Āzādi, Jomhuri-ye Eslāmi
(Istiqlol, Ozodlik, Islom Respublikasi)
Madhiya: سرود ملی جمهوری اسلامی ایران / Sorūd-e Mellī-ye Jomhūrī-ye Eslāmi-ye Īrān (Eron Islom Respublikasi davlat madhiyasi)
Location of Eron
Poytaxt Tehron
Rasmiy til(lar) Forscha
Hukumat Islom respublikasi
Ali Xomanaiy
• Prezident
Masʼud Pizishkiyon
Tashkil topdi (1979-yil 1-aprel
(Islom inqilobi))
Maydon
• Butun
1,648,000 km2 (17-oʻrin)
• Suv (%)
7.07
Aholi
• 2024-yilgi roʻyxat
91 567 000 (17-oʻrin)
• Zichlik 48/km2
YIM (XQT) 2016-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$. 1,459 trln (18-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$ 18,359
Pul birligi Eron riali (IRR)
Vaqt mintaqasi UTC+3:30
• Yoz (DST)
UTC+4:30
Qisqartma IR, IRN
Telefon prefiksi 98
Internet domeni .ir

Eron Islom Respublikasi (forscha: جمهوری اسلامی ایران - Jomhuri ye Eslāmi ye Irān), qisqacha Eron (forscha: ایران - Irān) — Gʻarbiy Osiyodagi mamlakat. Poytaxti — Tehron shahri. Maydoni 1 648, 95 km², aholisi soni 91 567 000 kishi (2024). Pul birligi — Eron riali. Maʼmuriy jihatdan 31 ta ustonga boʻlinadi. Yirik shaharlari: Mashhad, Karaj, Tabriz, Sheroz, Isfahon, Ahvoz.

Gʻarbdan Iroq (Kurdiston viloyati), shimoli-sharqdan Armaniston, Ozarbayjon va Turkiya bilan, shimoldan Turkmaniston, sharqdan Afgʻoniston va Pokiston bilan chegaradosh. Eron hududi shimol tomondan Kaspiy dengizi, janubdan Hind okeanining Fors va Ummon koʻrfazlari bilan yuviladi.

Eron qadimiy qoʻlyozmalarga koʻra qariyb besh ming yillik boy tarixga ega. Ushbu mamlakat hududidagi ilk davlat — Elam, eramizdan avvalgi 3-mingyillikda Eronning hozirgi Xuziston ustoni hududida vujudga kelgan.

Amaldagi konstitutsiyasi 1979-yil 2—5-dekabrdagi referendumda tasdiqlangan, keyinchalik tuzatishlar kiritilgan. Konstitutsiya boʻyicha davlatning oliy rasmiy shaxsi — Eron Islom Respublikasi Rahbari (1989-yildan Said Ali Xomanaiy). Undan keyingi oliy rasmiy shaxs — prezident (2021-yildan Ibrohim Raisiy[1]). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Islomiy Kengash majlisi (parlament), ijroiya hokimiyatni prezident va hukumat amalga oshiradi.

Eron bolalarni qatl qilish bo'yicha dunyoda birinchi o'rinda turadi.[2]

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eron Islom Respublikasining amaldagi konstitutsiyasi 1979-yilning 2-5-dekabr kunlari oʻtkazilgan umumxalq referendum natijalaridan soʻng qabul qilingan. Keyinroq baʼzi oʻzgartirishlar kiritilgan. Rasman Eron — islom respublikasidir. Ushbu mamlakat hozirda dunyoda juda oz boʻlgan teokratik davlatlardan biri.

Mamlakat konstitutsiyasiga koʻra, davlatning oliy rasmiy shaxsi — Eron Islom Respublikasi Oliy Rahbaridir. Oliy Rahbar mamlakatning umumiy siyosatini va boshqa jabhalarini nazorat qiladi. Shuningdek, aynan Oliy Rahbar mamlakat qurolli kuchlarining bosh qoʻmondoni, harbiy razvedka rahbari. Oliy Rahbar mulozimlarni davlatning baʼzi yuqori lavozimlariga tayinlaydi va vazifasidan ozod qiladi. Bular: Oliy sudlar raislarini, politsiya rahbarini, barcha turdagi qurolli kuchlar qoʻmondonlarini, shunigdek 12 nafar Konstitutsiya qoʻriqchilari kengashidan 6 nafarini. Oliy Rahbar Ekspertlar kengashi tomonidan saylanadi va ushbu kengashga hisobot beradi. 1979-yilning 3-dekabridan 1989-yilning 3-iyunigacha Eron Oliy Rahbari Ruhulloh Xumayniy edi. Uning vafotidan soʻng ushbu lavozimga oʻsha yilning 4-iyun kunidan Ali Xomanaiy tayinladni va U hozirda Eronning amaldagi Oliy Rahbaridir.

Mamlakatda ikkinchi rasmiy oliy shaxs — Eron Islom Respublikasi Prezidentidir. Prezident mamlakat konstitutsiyasi garanti, hukumat boshidir. Prezident qarorlari Oliy Rahbar tasdigʻidan oʻtganidan soʻng qabul qilinadi. Eron prezidenti Vazirlar kengashi aʼzolarini tayinlaydi, mamlakat hukumatini nazorat qiladi. Mamlakat prezidenti saylovi mamlakatning 18 yoshga toʻlgan fuqarolari umumiy, teng va toʻgʻridan-toʻgʻri umumxalq saylov huquqi asosida yashirin ovoz berishi yoʻli bilan oʻtkaziladi va 4 yil muddatga saylanadi. Bir prezident vakolati ikki muddatdan, yaʼni 8 yildan koʻproq boʻlishi mamlakat konstitutsiyasi tomonidan cheklangan.

Raisiyning va boshqa qator yuqori lavozimdagi davlat arboblarining baxtsiz hodisa sababli o‘limidan keyin muddatidan avvalgi saylovlar o‘tkazildi. Saylov 2 bosqichda o‘tdi. Unda Mas'ud Pezeshkiyon g‘olib bo‘ldi.[3]

Eron Old Osiyo togʻligi mintaqasining sharqiy qismida joylashgan va Eron togʼligining gʻarbiy qismini egallagan. Eron shimolda Kaspiy dengiziga tutash, janubda Fors va Ummon qoʻltiqlari bilan oʻralgan (ushbu qoʻltiqlardagi Keshm, Xoʻrmuz, Xark va boshqalar orollar Eronga tegishli). Sohillari pasttekislik, ayrim joylari mangra chakalakzorlari bilan qoplangan. Yer yuzasining yarmidan koʻprogʻi togʻli. Mamlakat hududining chekkalarida Shimoliy Eron, Sharqiy Eron va Janubiy Eron togʻlari joylashgan. Eron togʻlari orasida Alburz togʻlari (Damovand choʻqqisi Eronning eng baland nuqtasidir, 5604 m) va Turkmaniston Xuroson togʻlari alohida ajralib turadi. Eronning janubiy gʻarbida Zagros togʻ tizmasi joylashgan. Chekka tizmalar oralarida 1000–2000 m balandlikdagi yassitogʻliklar bor. Eronning gʻarbida, Armaniston togʻligida soʻngan vulkanlar, ichki yassitogʻliklarda choʻl va landshaftli botiqlar mavjud. Eronning janubiy sohilini Garmsar tekisligi egallagan. Eron neft va gaz zaxiralariga boy. Toshkoʻmir, temir va xrom rudalari, noyob elementlar, polimetall va mis rudalari, boksit, oltingugurt, surma, barit, tuz konlari va boshqalar bor.

Iqlimi. Eron hududining katta qismida suptropik, kontinental, Fors va Ummon qoʻltiqlari sohillarida tropik iqlim; yozi issiq, qishi shimolda sovuq, janubda iliq. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi Tehronda 2’, Jasq shahri (Ummon qoʻltigʻi sohilida)da 19°; iyulniki xuddi shu joylarda 29 va 32°. Oʻrtacha yillik yogʻin 500 mm dan kam, faqat Alburz togʻlari yon bagʻirlarida 2000 mm gacha, Seyiston botigʻida 5060 mm. Eronda daryo kam. Yirik daryolari: Qorun, Safedrud, Atrek, Araks, Hilmand, Shatt ul-Arab. Faqat Qorun daryosida kema qatnaydi. Togʻ oraligʻidagi botiqlarda oqmas koʻllar (Urmiya, Daryochai Namak va boshqalar) bor. Togʻ oldi tekisliklaridagi boʻz tuproqlarda choʻl oʻsimliklari, togʻlardagi qoʻngʻir tuproqlarda dasht oʻsimliklari oʻsadi. Pastliklar shoʻrxok. Alburz togʻlarining shimoliy yon bagʻri keng bargli oʻrmon bilan qoplangan. Eronning janubidagi qizil tuproqlarda savanna turidagi oʻsimliklar oʻsadi. Daryo vodiylari oʻtloq, tuprogʻi allyuvial. Eronning hayvonot dunyosi xilma-xil. Togʻlarda quyon, chiyaboʻri, togʻ echkisi, yoʻlbars, qoplon, jayra, vodiylarda tulki, boʻri, sirtlon, bugʻu, boʻrsiq va boshqalar yashaydi. Mamlakat markazidagi tekislikda kaklik, Fors qoʻltigʻi sohillarida saqoqqush va qizil gʻoz, Kaspiy dengizida qimmatbaho baliq turlari — osyotr va beluga koʻp. Milliy bogʻlari: Kevir, Guliston, Urmiya, Markaziy Alburz va boshqalar.

Fors qizi

2015-yilgi maʼlumotlarga koʻra, Eron aholisi 78 million 408 ming 412 kishini tashkil etadi[4]. 2011-yilda mamlakatda oʻtkazilgan aholi sonini sanash va roʻyxatga olish natijalariga koʻra, Eron aholisi soni 75 million 149 ming 669 kishini tashkil etgan edi[5]. Aholining oʻrtacha zichligi — 42 kishi/km² ga.

1979-yildan beri Eron aholisi ikki baravarga oʻsdi va 2006-yilga kelib 70 495 782 kishini tashkil etdi. Soʻngi yillarda ushbu rekord oʻsish templari susaygan. 2009-yilning may oyi holatiga koʻra, Eron aholisining 60 % dan oshigʻi 30 yoshga toʻlmagan edi. Aholi orasidagi savodxonlik 85 % dan oshiq va ushbu koʻrsatkich yildan-yilga yaxshi tomonga oʻzgarmoqda. Mamlakat aholisining 70 % dan koʻprogʻi shaharlarda istiqomat qiladi.

Eronda tugʻilganlarning 4 milliondan oshigʻi Erondan tashqarida yashaydi. Ularning asosiy qismi 1979-yilda mamlakatda yuz bergan Islom inqilobi dastidan qochganlardir. Ushbu qochqinlar hozirda asosan AQSH, Kanada, Avstraliya va Yevropa mamlakatlarida istiqomat qiladi va deyarli barchasi ushbu mamlakatlar fuqaroligini olgan. 1996-yilgi maʼlumotlarga koʻra, Eronning oʻzida 1 milliondan oshiq qochqinlar mavjud boʻlgan. Ularning asosiy qismi urush va qiyin iqtisodiy va ijtimoiy vaziyat tufayli Afgʻoniston va Pokistonning Vaziristoniga kiruvchi viloyatlardan kelgan.

Milliy tarkibi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eronda 30 dan ortiq millat vakillari yashaydi. Aholisining 75 % dan oshigʻini eroniy tillar va eroniy xalqlar guruhiga kiruvchi xalqlar: forslar, kurdlar, lurlar, mozandaronlar, gilaklar, balujlar, tolishlar, baxtiyoriylar, pushtunlar, tojiklar va boshqalar tashkil etadi. Turkiy tillar va turkiy xalqlar guruhiga kiruvchi ozarbayjonlar va turkmanlar, shuningdek boshqa millatlardan, arablar, armanlar, ossuriyaliklar, gruzinlar, loʻlilar va boshqalar ham yashaydi. Ushbu millatlarning 65 % dan oshigʻini forslar, taxminan 15 % ozarbayjonlar, 10 % kurdlar, 6 % lurlar, 2 % arablar, turkmanlar 2 %, boshqalar 3 %.

Diniy tarkibi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eron aholisi dindorlarining asosiy qismi musulmonlardir, yaʼni aholining 98 % ni musulmonlar tashkil etadi. Ulardan 89 % islomning shia mazhabiga, 9 % islomning sunniy mazhabiga eʼtiqod qiladi. Eronda davlat dini — islom dinining shia mazhabidir. Bahrayn, Iroq va Ozarbayjondagi kabi, Eronda mamlakat dindorlarining yarmidan koʻpi shialik mazhabiga eʼtiqod qiluvchilardir. Eronda ushbu mazhab uchun muqaddas sanaladigan ikki shahar joylashgan. Bular: Mashhad va Qum shaharlaridir.

Eron hududida odamzod ilk paleolit davridan yashaydi. Eronliklar toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumotlar Ossuriya yozma yodgorliklarida keltirilgan. Miloddan avvalgi 834-yilda shoh Salmanasar IIIning sharqqa qilgan yurishini tavsiflovchi mixxat yozuvlarida qadimiy fors tilida soʻzlashuvchi xalqlar istiqomat qilgan Parsua mamlakati qayd etilgan. Miloddan avvalgi 3-ming yillik boshida Eronning janubi-gʻarbida dastlab shahardavlatlar, keyinroq Elam davlati paydo boʻldi. Miloddan avvalgi 2-ming yillik davomida Eron hududiga hind-eron tillarida soʻzlashuvchi hind-yevropa qabilalari kirib kela boshlagan.

Eronning hozirgi nomi oʻsha xalqlar — oriylar nomi (qadimiy eroncha aguapa — „oriylar mamlakati“) dan olingan. Bu davrda Eron hududining bir qismi Ossuriya hukmronligi ostida boʻlgan. Miloddan avvalgi taxminan 673—672-yillarda Ossuriyaga qarshi koʻtarilgan gʻalayon natijasida Eron togʻligining shimoli-gʻarbiy qismida Midiya davlati paydo boʻldi. Miloddan avvalgi 550-yil Midiya va Forsiya qirolligi oʻrtasida boʻlib oʻtgan urush (553— 550)dan soʻng hokimiyat Ahamoniylar sulolasi qoʻliga oʻtdi. Yunonlar, keyinchalik Yevropaning boshqa xalqlari Forsiya nomini mamlakatning barcha qismiga taalluqli deb bilib, uni Forsiya (Persiya) deb atay boshlaganlar (Yevropa adabiyotida bu nom 1935-yilgacha saqlanib kelgan). Gʻarb bilan Sharq oʻrtasidagi savdo yoʻllarida oʻz hukmronligini oʻrnatish maqsadida Ahamoniylar Yunoniston bilan urush olib bordilar. Miloddan avvalgi 330 yil Ahamoniylar davlati Aleksandr Maqduniy qoʻshinlari tomonidan magʻlubiyatga uchradi. Uning oʻlimidan soʻng Eron Salavkiylar davlati tarkibiga kirdi. Miloddan avvalgi 3-asr hozirgi Eron va Turkmaniston chegaralarida Parfiya qirolligi vujudga kelib, miloddan avvalgi 2-asr oʻrtalarida Eronning barcha hududi uning tarkibida boʻlgan. Miloddan avvalgi 1-asrdan Parfiya Rim bilan uzoq muddatli urushga kirdi. Milodiy 224-yil Parfiya qaramogʻidagi Forsiya hukmdori Ardasher I Parfiyaning soʻnggi qiroli Artaban V ni urushda yenggach, Sosoniylar davlatini tuzdi. Sosoniylar hukmronligi davrida 3-asr oʻrtalarida moniylik, 5-asr oxirlarida mazdakiylik paydo boʻddi. 7-asrda Eronni arablar bosib oldi va u Arab xalifaligi tarkibiga kirdi. Eronda islom dini tarqalib, 10-asrda aholining koʻp qismi unga eʼtiqod qila boshladi. 9—10-asrlarda Eron hududida noibliklar vujudga keldi. 900 yilda Xuroson va butun Sharqiy Eron Somoniylar qoʻl ostiga oʻtdi, soʻng Sharqiy Eron Oʻrta Osiyoning bir qismi va hozirgi Afgʻoniston hududi bilan birgalikda Gʻaznaviylar davlati tarkibiga kirdi. 11-asrda Eronga turkiy qabila (oʻgʻuz)lar kirib keldi. Ulardan biri — saljuqiylar gʻaynaviylar qoʻshinini tormor qilib, Eronni va unga qoʻshni mamlakatlarni bosib oldi va Saljuqiylar davlatini tuzdi. 12-asr boshlarida Saljuqiylar davlati parchalanib, qator sultonliklar paydo boʻldi. 12-asr oxirida Eron Xorazmshohlar davlatiga qoʻshib olindi. 1220—56 yillarda Eronni moʻgʻullar bosib oldi va 14-asrning oʻrtalarigacha Hulokuiylar davlati tarkibida boʻldi. 14-asrning 30—80-yillarida Xurosonda moʻgʻul va mahalliy zodagonlar zulmiga qarshi Sarbadorlar qoʻzgʻolonlari, 1350-yil Mozandaron va Gilonda Saidlar harakati boʻlib oʻtdi, natijada sarbadorlar va saidlar davlati paydo boʻldi. 16-asr boshida Eronning barcha qismi Safaviylar qoʻliga oʻtdi. 1502-yil shia mazhabi davlat dini deb eʼlon qilindi. 17-asr oxiri — 18-asr boshlarida mamlakatning turli qismlarida zodagonlarga qarshi gʻalayonlar, shuningdek, asoratga solingan afgʻon, turkman, kurd, ozarbayjon va boshqa xalqlarning ozodlik harakatlari boshlanib ketdi. Afgʻon qabilalarining 1709—22 yillardagi qoʻzgʻolonlari natijasida 1722-yil ular Safaviylar poytaxti boʻlmish Isfahonni egalladilar. Afgʻon xonlarining hukmronligiga qarshi xalq harakati boshlanib ketdi. 1723-yil Eronning shimoli-gʻarbiy va markaziy viloyatlariga bostirib kirgan turklar quvib chiqarildi. Eron davlati Nodirshoh rahbarligida juda katta imperiyaga aylandi. 1747-yil fitna natijasida shoh oʻldirildi va Eron davlati parchalanib ketdi. 18-asr oxirida zand va qojar xonlari oʻrtasida uzoq davom etgan kurashdan keyin Eronda Qojarlar sulolasi oʻrnatildi. 18-asr oxiridan Eron Yevropa mamlakatlarining mustamlakachilik obʼyektiga aylandi. 19-asrdagi Rossiya-Eron urushlari natijasida muqaddam Eron bosib olgan Kavkazorti hududlari Rossiyaga oʻtdi. 19-asrning 50-yillari oʻrtalarida mamlakatda ijtimoiy ziddiyatlarning kuchayishi Bobiylar qoʻzgʻolonlarida oʻz aksini topdi. 19-asrning. 60-yillari — 20-asr boshlarida Eron asosan, Buyuk Britaniya va Rossiyaning yarim mustamlakasiga aylandi. 19-asr oxiridan zulm va ijtimoiy ziddiyatlarning kuchayishi 1905—11 yillardagi Eron inqilobining boshlanishiga zamin yaratdi. Natijada konstitutsiya eʼlon qilindi, parlament (majlis) chaqirildi. 1911-yil oxirida Eron inqilobi Angliya va Rossiya tomonidan bostirildi. Birinchi jahon urushi yillari (1914— 18)da Eron urushga kirgan davlatlarning harbiy harakatlari maydoniga aylandi. 1919-yil Eron Buyuk Britaniya tomonidan bosib olindi. Mamlakatda milliy ozodlik kurashi avj oldi. Eron Ozarbayjoni (1920), Gilon va Mozandaron (192021), Xuroson (1921)da kuchli milliy ozodlik harakatlari boʻlib oʻtdi. 1921-yil 21-fevralda oʻng kuchlar Rizoxon qoʻmondonligi ostida davlat toʻntarishini amalga oshirdilar. Said Ziyovuddin rahbarligidagi yangi hukumat (ushbu hukumat tarkibida Rizoxon harbiy vazir boʻlgan) demokratik harakat yoyilib ketmaslik choralarini koʻrdi va jamoat tazyiqi ostida 1919-yilgi Angliya—Eron bitimini bekor qildi. 1925-yil 12-dekabrda Taʼsis majlisi Rizoxonni Rizoshoh Pahlaviy nomi bilan Eron shohi deb eʼlon qildi. 1930-yillarning oʻrtalaridan Eron Germaniya bilan aloqalarini kuchaytira boshladi. Ikkinchi jahon urushi yillari (1941-yil avgustda) Eron hududiga sovet va ingliz qoʻshinlari kiritildi (1945-yil oxiri — 1946-yil mayda olib chiqib ketildi).

1941-yil 16-sentabrda Rizoshoh taxtdan voz kechdi va uning oʻrniga oʻgʻli Muhammad Rizo Pahlaviy oʻtirdi. 1943-yil 9-sentabrda Eron Germaniyaga qarshi urush eʼlon qildi, lekin harbiy harakatlarda qatnashmadi. 1945—46 yillar Eronda kuchli antiimperialistik va demokratik harakatlar avj oldi. Hukumat AQSH va Buyuk Britaniya yordamiga tayanib, bu harakatlarga chek qoʻydi. 1960-yillarning boshlarida mamlakatda ijtimoiy va ichki siyosiy vaziyat keskinlashdi. Shoh hukumati monarxiya tuzumi va harbiy qudratini mustahkamlash maqsadida islohotlar oʻtkazishga kirishdi (agrar islohotlar oʻtkazildi, maorif va sogʻliqni saqlash tizimini yaxshilashga oid ayrim tadbirlar amalga oshirildi). Ammo shoh tuzumining reaksion ichki siyosati, gʻarbparastligi Eronda islom dinining fundamental qadriyatlarini tiklashga intiluvchi ruhoniylarning keskin qarshiligiga uchradi.

1979-yil fevralda monarxiyaga qarshi inqilob natijasida shoh tuzumi agʻdarildi. Inqilobga surgundan qaytgan shialar yetakchisi Oyatullo Humayniy (1964-yil mamlakatdan surgun qilingan) rahbarlik qildi. Muhammad Rizo Pahlaviy mamlakatdan chiqib ketishga majbur boʻldi. 1979-yil 1-apreldan mamlakat rasmiy ravishda Eron Islom Respublikasi deb nomlandi. 1979-yil oxirida Eron bilan Iroq oʻrtasidagi munosabatlar keskinlashdi. Eron bilan Iroq oʻrtasida Shatt ul-Arab daryosi boʻylab oʻtgan chegara xususidagi janjal qurolli toʻqnashuvga aylanib ketdi. 8 yil davom etgan bu mojaro ikki tomonni ham holdan toydirdi. Humayniy vafotidan soʻng (1989) hokimiyat tepasiga kelgan yangi hukumat bir qancha ijobiy islohotlarni amalga oshira boshladi, tashqi siyosatda Eronni xalqaro miqyosda yakkalanib qolish holatidan chiqarish yoʻlini belgiladi.

Eron 1945-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetini 1991-yil 25-dekabrda tan olgan va 1992-yil 10-mayda diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Milliy bayrami — 11-fevral — Islom inqilobi kuni (1979).

Siyosiy partiya va tashkilotlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eron Islom Respublikasi konstitutsiyasiga binoan, Eronda islomga aloqasi boʻlmagan siyosiy partiya va tashkilotlar faoliyati man qilingan. Hozirgi kunda mamlakatning ichki siyosiy hayotida bir qator islom partiya va uyushmalari mavjud boʻlib, ular orasida eʼtiborga loyiq boʻlganlari Kurashayotgan ruhoniylar jamiyati, Islomiy Eron birdamlik partiyasi, Islomiy Eron hamjihatlik partiyasi, Taraqqiyotga xizmat qiluvchilar uyushmasi, Imom Humayniy siyosati tarafdorlari uyushmasidir.

Eron — neft sanoati rivojlangan agrar industrial mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xoʻjaligi 21,3 %, sanoat 32,7 % (jumladan, neft va gaz qazib olish 18,7 %)ni tashkil etadi.

Sanoatida neft, gaz, koʻmir, xrom, qoʻrgʻoshin, rux, mis, marganets va temir rudalari qazib olish katta ahamiyatga ega. Yiliga oʻrtacha 85 mlrd. kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi. Neftni qayta ishlash, neft kimyosi korxonalari bor. Qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik va metallsozlik, oziq-ovqat, toʻqimachilik sanoati rivojlangan. Hunarmandchilik (gilam toʻqish, metall buyumlar tayyorlash) bilan ham shugʻullaniladi.

Qishloq xoʻjaligi mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmogʻi hisoblanadi. Qishloq xoʻjaligining yetakchi tarmogʻi — dehqonchilik. Asosiy oziq-ovqat ekini — bugʻdoy; shuningdek, arpa, sholi, dukkakli don ekinlar ekiladi. Bogʻdorchilik (oʻrik, shaftoli, anjir, pista, xurmo, behi, anor, sitrus mevalar, yongʻoq va boshqalar), tokchilik, sabzavotchilik va polizchilik bilan mamlakatning hamma qismida shugʻullaniladi. Paxta ekiladi, qand lavlagi, shakarqamish, tamaki yetishtiriladi, choy oʻstiriladi. Chorvachiligida qoʻy, echki, qoramol, eshak, tuya, ot, xachir boqiladi. Parrandachilik rivojlangan. Pillachilik bilan shugʻullaniladi. Fors qoʻltigʻi va Kaspiy dengizida baliq ovlanadi.

YUNESKO tomonidan qayd etilgan dunyo sivilizatsiyasi merosiga oid 12 tarixiy yodgorlikning 3 tasi Eronda joylashgan. 2001-yil Eronni 1402160 xorijiy sayyoh ziyorat qildi, xorijiy sayyohlikdan tushgan daromad 1,112 mlrd. AQSH dollarini tashkil etdi. Pul birligi — rial.

Maʼmuriy-hududiy boʻlinishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]


Yirik shaharlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eron aholisining 70 % dan koʻprogʻi shaharlarda istiqomat qiladi. Baʼzi hisob-kitoblarga koʻra, ushbu koʻrsatkich 2030-yilga kelib 80 % dan oshib ketishi mumkin. Mamlakatda 2011-yilgi maʼlumotlarga koʻra, 1331 ta turli hajmdagi shaharlar mavjud. 1951-yilda, mamlakatda 201 ta shahar mavjud edi. Eronning sakkiz shahri millioner-shahar maqomiga ega, yaʼni ushbu 8 shaharda 1 milliondan oshiq kishi yashaydi[6]. Eronning poytaxti va eng yirik shahri — Tehron. Ushbu shaharning aholisi 2015-yilgi maʼlumotlarga koʻra, 8 846 782 kishini tashkil etadi[7]. Tehron aglomeratsiyasida esa 15 200 000 dan oshiq kishi istiqomat qiladi[7]. Aynan Tehronda mamlakat sanoatining yarmidan koʻpi joylashgan.

Kattaligi va aholisi soni boʻyicha mamlakatdagi ikkinchi shahar — Mashhad. Ushbu shahar shia mazhabi topinuvchilari uchun muqaddas shahar hisoblanadi va Mashhad aholisi 2011-yilgi maʼlumotlarga koʻra 2 749 374 kishini tashkil etadi. Eronning boshqa millioner shaharlari: Karaj, Isfahon, Tabriz, Sheroz, Qum, Ahvoz.


Transport yoʻlining uzunligi 7,3 ming km. Ichki yuklarning asosiy qismi avtomobil transportida tashiladi. Avtomobil yoʻllarining uz. 167 ming km. Dengiz savdo floti tonnaji 8345 ming t dedveytni tashkil etadi. Fors qoʻltigʻidagi asosiy portlari: BandarAbbos, BandarHumayniy, Bushir, Xark, Obodon, BandarMohshahr; Kaspiy dengizida — Enzeli, Novshahr, Amirobod. Tehron, Sheroz, Isfahon, BandarAbbos, Obodon, Tabrizda xalqaro aeroportlar bor.

Eron chetga neft va neft mahsulotlari, gilam, gaz, paxta, meva, teri, metall buyumlar chiqaradi; chetdan oziq-ovqat, mashina va jihozlar, sanoat xomashyosi oladi. Tashqi savdoda Germaniya, Italiya, Kuvayt, BAA va boshqalar mamlakatlar bilan hamkorlik qiladi. Eronda xorijiy sayyohlik rivojlangan.

Tibbiy xizmati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eronda oʻrtacha umr 69 yoshni tashkil etadi. 2003-yil 110797 oʻrinli 730 kasalxona (120 tasi xususiy), 307169 vrach, hamshira va farmatsevt ishladi. Vrachlar universitet va oʻrta maxsus tibbiyot bilim yurtlarida tayyorlanadi. Hozirgi paytda Eronda sogʻliqni sugʻurta qilish yoʻlga qoʻyilmoqda.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boshlangʻich va oʻrta taʼlim

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eronda 5 yillik bepul majburiy boshlangʻich taʼlim joriy qilingan. Ikki bosqichdan iborat 7 yillik oʻrta maktab taʼlimi mavjud. Mamlakatda savodxonlik koʻrsatkichi 85,0 % dan ziyodroq va ushbu koʻrsatkich yildan-yilga yaxshi tomonga oʻzgarmoqda. 2004-yil maʼlumotlariga koʻra, oʻsha yilgi oʻquv yilida mamlakatdagi maktablarda 17 million 196 ming 588 oʻquvchi taʼlim olgan va ushbu koʻrsatkich Eron aholisining tez suratlarda oʻsishi natijasida keskin oshmoqda. Boshlangʻich maktab oʻqituvchilari pedagogik bilim yurtlarida, oʻrta maktab oʻqituvchilari Tehron universiteti qoshidagi pedagogika institutida tayyorlanadi.

Oliy taʼlim va oliy oʻquv yurtlari, muzeylar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oliy maʼlumotli kadrlar Tehron universiteti, Tehrondagi Eron milliy universiteti, Farobiy universiteti, Sheroz, Mashhad, Isfahon, Tabriz, Karaj, Ahvozdagi universitetlarda, Tehron politexnika instituti, Obodon neft instituti va boshqalarda tayyorlanadi. 2004-yil oliy oʻquv yurtlarida 1 million 673 ming 753 talaba oʻqidi va ushbu koʻrsatkichlar ham keskin oʻsmoqda. Institutlar Tehrondagi fan va maorif taraqqiyotini tadqiq etish va rivojlantirish instituti, Eron madaniyati tadqiqot markazi, Sanʼat va arxeologiya tarixi milliy markazida, shuningdek, Tehron, Mashhad, Tabriz, Sheroz, Isfahon, Ahvoz universitetlari va boshqa oliy oʻquv yurtlarida ham olib boriladi. Mamlakat yirik kutubxonalari: Tehrondagi Eron Milliy kutubxonasi (1935), Parlament kutubxonasi (1924), har bir universitet qoshidagi kutubxonalar. Madaniyat vazirligi tizimida 1500dan oshiq kutubxona mavjud. Eronda arxeologiya va etnografiya muzeyi, Guliston saroyi muzeyi, Milliy badiiy muzey, Gilamlar muzeyi va boshqa yirik va boy muzeylar mavjud.

Matbuot va OAV

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eronda matbuot va OAV yaxshi rivojlangan. Mamlakatdagi matbuot, televideniye, radio va boshqa OAV vositalari davlat nazoratida. Eronda besh yuzdan oshiq gazeta va jurnallar nashr etiladi. Asosiy va yirik gazetalari: «Abror» (1985-yildan chop etiladi), «Keyhon» (1942-yildan chop etiladi), «Risolat» (1985-yildan chop etiladi), «Egʻtelot» (1925-yildan chop etiladi), «Ettelote haftagi» (1941-yildan chop etiladi). Islom Respublikasi axborot agentligi (IRNA), 1934-yil tashkil etilgan. „Eron Islom Respublikasi ovozi“ milliy radiosi 1971-yil tuzilgan. Eron televideniyesiga 1971-yil asos solingan.

Eron adabiyotini shartli ravishda 3 bosqichga boʻlish mumkin: qadimiy, oʻrta asr va zamonaviy. Eron adabiyotining ilk namunalari qadimiy fors tilida yaratilgan. Qahramonlik eposining dastlabki koʻrinishlari Ahamoniylar davriga mansub mixxat bitiklarida oʻz aksini topgan. Eron arablar tomonidan zabt etilib (7-asr), uning hududi xalifalik tarkibiga kirgandan soʻng Eron adabiyoti arab tili va islom taʼsirida shakllandi. 9-asrga kelib adabiyotda fors tilining mavqei kuchaydi. 10-asrning 2-yarmidan boshlab fors tili Sharqda sheʼriyat tili darajasiga koʻtarildi. 10—15-asrlar Eron nazmining yuksalish davri hisoblanadi. Bu davrda Firdavsiy, Umar Xayyom, Saʼdiy, Rumiy, Hofiz kabi dunyo adabiyotining yorqin yulduzlari oʻzlarining oʻlmas asarlarini yaratdilar. Ularning sheʼriyatida gumanizm, insonning ulugʻ mavjudot ekanligi, maʼnaviy barkamollik sari intilish gʻoyalari tarannum etildi. Fors adabiyotining durdonasi boʻlmish Firdavsiyning „Shohnoma“ dostoni maydonga keldi. Bu davrda Eron adabiyotining mumtoz janrlari boʻlgan ruboiy, qasida, gʻazal va qitʼa yanada takomillashdi. Shu bilan birga Abdullo Ansoriy, Farididdin Attor va boshqalarning asarlarida sufiylik tariqati gʻoyalari oʻz aksini topdi. Moʻgʻullar tomonidan Eronning ishgʻol etilishi (1220—56) natijasida madaniy hayot inqirozga yuz tutdi. 13-asrning 2-yarmiga kelib Eron adabiyotida madhiya va qahramonlik eposlari rivoj topdi. 16-asr oxiri Eron adabiyotida shia mazhabiga xos marsiya sheʼriy janri shakllandi. Bu davrga kelib Eron mumtoz adabiyoti saroy sheʼriyati doirasida taraqqiy etdi. 17-asr Eron adabiyotida hind uslubi (sabke hindi) ustunlik qila boshladi. Bu hol 18-asrda Eron shoirlari Mushtogʻ Isfahoniy, Sabohiy Bikdeliy Koshoniy, Hotif Isfahoniy va boshqalarning eʼtiroziga uchrab, Eron adabiyotida „bozgasht“ (qaytish) deb atalmish yangi yoʻnalishning paydo boʻlishiga olib keldi. Bu yoʻnalish ilk Eron mumtoz sheʼriyatiga xos uslubni qayta jonlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlar bilan ifodalanadi. 19-asrda Eron adabiyotida yodnoma va safarnomalar paydo boʻlib, yangi fors nasriy janriga asos solindi. Eronda keng quloch yozgan milliy ozodlik harakati (1905—1921) publitsistika va satirik sheʼriyatning shakllanishiga turtki boʻldi. M. Bahor, A. Lohutiy ijodida adolatsizlikka qarshi kurash gʻoyalari namoyon boʻldi. 20-asrda Eron adabiyotida roman va realistik hikoya janri rivoj topdi. Bu davrda Murtazo Mushfiq Kozimiyning „Qoʻrqinchli Tehron“ (1924), Abbos Kozimiyning „Mashaqqatli hayot“ (1931), Yahyo Davlatobodiyning „Shahrnoz“ (1926), Said Nafisiyning „Farangis“ (1931) nomli asarlari chop etildi. 20-asrning 30-yillarida Eron sheʼriyatiga yangi sheʼriy janr „sheʼri nou“ kirib keldi. Anʼanaviy aruz vaznidan voz kechib, erkin uslubda sheʼr yaratish bu yoʻnalishning xarakterli jihatidir. Eron sheʼriyatidagi yangi yoʻnalishning asoschisi Nimo Yushij (1895—1961) hisoblanadi. 1940—50 yillar nasrda ijtimoiy hayotni aks ettiruvchi bir qator realistik asarlar yaratildi. Sodiq Hidoyat (1903—51)ning „Daydi it“ (1943), „Hoji ogʻo“ (1945), Boʻzoʻrg Alaviyning „Ellik uch“ (1942), „Uning koʻzlari“ (1952) hikoyalari jamoatchilik eʼtiborini qozondi. Islom inqilobidan soʻng Eron adabiyotida ozodlik va inqilobni tarannum etuvchi sheʼrlar, Eron-Iroq urushida qatnashgan jangchilarning mardligi va vatanparvarligini aks ettiruvchi asarlar, diniy yoʻnalishda yozilgan sheʼriy toʻplamlar keng oʻrin oldi.

Eron hududidagi meʼmoriy yodgorliklar uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Eronda neolit davriga oid paxsadan qurilgan turar joylar (Koshon yonidagi TepeSialk, Sheroz yaqinidagi TaliBakun) topilgan. Midiya qirolligi davri (miloddan avvalgi 1-ming yillikning 1-yarmi)da uning poytaxti Ekbatana atrofida (hozirgi Hamadon) istehkom devorlari barpo etilgan. Ahamoniylar davrida saroy meʼmorligi keng rivoj topdi (Pasargada, Persepolis, Suzadagi saroy majmualari). Ahamoniylar saroy meʼmorlik uslubiga hashamatlilik, hayvon haykalchalari bilan bezatilgan baland ustunlar xos. Asosiy qurilish materiallari — xom gʻisht, tosh va yogʻoch. Toʻrtburchak shaklidagi zardushtiylik ibodatxonalari ham shu davrga mansub meʼmoriy yodgorlik hisoblanadi. Parfiya qirolligi davrida hovli tomoni ochiq ayvonli saroylar qurilgan. Sosoniylar davrida shaharlar tez surʼatlar bilan barpo etila boshlandi. Shaharlar doirasimon yoki toʻgʻri toʻrtburchak tarhli qilib, qalin devor bilan oʻraldi. Bino qurilishida tosh, pishiq gʻisht, yogʻoch ishlatilgan, tom qismi esa yoysimon shaklga ega boʻlgan. Keyinchalik gumbazlar paydo boʻlgan. Sosoniylar davri saroylariga hashamatli ayvon va baland ustunlar xos. Eronning arablar tomonidan zabt etilishi (7-asr) meʼmorlikda yangi uslubdagi binolarning paydo boʻlishiga olib keldi. Bu davrda koʻplab karvonsaroy, masjid, minora, maqbara, tim, madrasa va hammomlar qurildi. Devor bilan oʻralgan koʻplab shaharlar barpo etildi. Shaharning 4 darvozasini bogʻlovchi 2 asosiy xiyobonning kesishgan nuqtasi saroy, bozor va masjid joylashgan markaziy maydonni tashkil etdi. Baʼzi hollarda shahar markazida ark barpo etildi. 12-asrga kelib masjid qurilishida Eronga xos uslub paydo boʻldi (toʻrt tomoni ayvon va boloxonalar bilan qurshalgan hovli hamda gumbazli bino). Masjid yonida yuqori qismi torayib boruvchi aylana minora qad koʻtardi. Bu paytgacha minoralar sakkiz burchak shaklida qurilgan. 13—14-asrlar oʻrtalarida Eronda madrasa, masjid, xonaqoh va minoradan tarkib topgan yaxlit ansambllar paydo boʻldi. Eron Temuriylar davlati tarkibiga kirgan davr (14—15-asrlar)da meʼmorlikda gumbazlarni koʻk koshin bilan bezash odat tusiga kirdi. Masjid, madrasa va boshqalar binolarning old qismiga koshinlardan rangli zeb berildi (Mashhaddagi Gavharshod begim masjidi, 1405—18, meʼmor Qavomiddin Sheroziy). 14—16-asrlarda shahar qurilishi avj oldi, shahar ansambllari (Yangi Isfahon) bunyod etildi, saroylar devoriy rasmlar, mozaika bilan bezatildi (Isfahondagi Ali Qopu, Chehel Sutun saroylari, Qazvindagi saroylar). Safaviylar davriga kelib, Eron meʼmorligida hashamatlilikka keng oʻrin berildi, binolarni murakkab va koʻrkam naqshlar bilan bezash, ulkan favvoralar qurish rasm boʻldi. Shaharlarda muhtasham majmualar qurish rejasi hayotga tatbiq etildi. Isfahondagi Shoh maydoni atrofida barpo etilgan saroy, masjid, karvonsaroy va bozor yaxlit meʼmoriy ansamblni tashkil etdi. 18—19-asrlarda yuz bergan iqtisodiy inqiroz Eronda qurilish koʻlamining keskin kamayishiga olib keldi. 20-asrga kelib, Eron meʼmorligida yangi shakldagi binolar paydo boʻldi (Tehrondagi universitet binosi, 1930-yillar; Tehron yaqinidagi „Xilton“ mehmonxonasi, 1962). Turar joy, ijtimoiy maskanlar, sanoat majmualari, koʻpriklar qurilishida. oyna, metall va temir-beton konstruksiyalar keng qoʻllandi. Eron meʼmorlari binolarni barpo etishda zamonaviy meʼmorlik uslubi va milliy anʼanalardan foydalandilar (Hamadondagi Ibn Sino maqbarasi, 1952; Mashhaddagi Nodirshoh maqbarasi, 1961; Nishopurdagi Umar Xayyom qabri ustiga qurilgan pavilon1963).

Tasviriy sanʼati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eron sanʼati 8 ming yil davomida shakllanib kelgan. Eron hududidan topilgan gʻorlardagi odam, hayvon, oʻsimlik va ov qurollarining devoriy rasmlari tasviriy sanʼatning ilk namunalari sifatida eʼtirof etiladi. Miloddan avvalgi 12—7-asrlarga oid qabrlardan qimmatbaho metalldan ishlangan badiiy bezak buyumlar, bronza haykalchalar topilgan. Ahamoniylar davrida kumush va oltindan yasalgan idishlar, zargarlik buyumlari, tamgʻa, tangalar kandakorlik bilan bezatilgan. Sosoniylar davri tasviriy sanʼatida haykaltaroshlik asosiy oʻrin egalladi (Mozandarondagi bronza byustlar), 9—13-asrlarda amaliy bezak sanʼati rivojlandi. Nishopur, Koshon, Sultonobod kabi shaharlar kulollik markazlari sifatida shuhrat qozondi. Har xil rangli shishalardan idish va buyumlar tayyorlandi. Eron milliy sanʼatining asosiy turlari (gilamchilik, sopol idishlarga chizilgan naqshlar, xattotlik) arablar bosqiniga qadar shakllandi, biroq oʻzining yuksak choʻqqilariga islom dini davrida erishdi. Eron tasviriy sanʼatiga geometrik shakllar, oʻsimlik naqshlari, afsonalardan olingan lavhalar, hayvonlar tasviri xosdir. Gʻarbda fors tasviriy sanʼati miniatyura sifatida tanilgan. Eron rassomlari oʻz asarlarida afsonaviy qahramonlar va shohlarni hamda Eron mumtoz adabiyoti asarlaridagi lavhalarni mohirlik bilan aks ettirdilar.

Qurʼon matnlarini bezash sanʼati yuksak choʻqqilarga koʻtarildi. Eron Arab xalifaligi tarkibiga kirgandan soʻng xattotlik sanʼati rivojlandi. Bu sanʼat turining rivojlanishi Temuriylar davriga toʻgʻri keldi. Xattotlikning mohir ustasi Mir Eʼmod Hasaniy Seyfi Gʻaznaviy (1617-yil vafot etgan) boʻlgan. Qojarlar sulolasi hukmronligi davrida xattotlikning „shikastanastaʼliq“ shakli ravnaq topib, hozirgi kunga qadar qoʻllanadi. 15—17-asrlar miniatyura sanʼatining rivojlanish davri hisoblanadi. Tabriz va Isfahon miniatyura maktablari shuhrat qozondi (yana q. Tabriz miniatyura maktabi, Isfahon miniatyura maktabi). Bu davrda yaratilgan miniatyura asarlari naqshga boy boʻlib, ranglar jilosi va nafisligi bilan ajralib turadi. Eron miniatyuralarida realizm yoʻnalishi ham keng oʻrin olgan. Ushbu uslubning yorqin namoyandasi Rizo Abbosiyning asarlarida urush lavhalari, ayollar siymosi aks ettirilgan. Uning yaratgan miniatyuralari Isfahondagi Chehel Sutun va Ali Qopu saroylari devorlarida muhrlanib qolgan. 19-asrda Eron miniatyura sanʼati gʻarb madaniyati taʼsiri ostida inqirozga uchradi. 20-asr boshlarida Eron rassomligida realizm yoʻnalishi katta oʻrin egalladi. Haykaltaroshlik, rassomlik sanʼati va fafika (ayniqsa, kitob bezagi, reklama plakatlari) yuksala boshladi. Hasan Ali Vaziriy, Muhsin Muqaddam, Abulqosim Sodiqiy kabi rassom va haykaltaroshlar oʻz asarlarida oddiy xalq hayotidan olingan lavhalarni aks ettirdilar. 1920-yil Kamol ul-Mulk Tehronda rassomlik va haykaltaroshlik maktabini tashkil etdi. Zamonaviy tasviriy sanʼat milliy maktabining asoschilaridan biri Akbar Tajvidiy (1925—95)dir. Hozirgi davrda tasviriy sanʼat anʼanalarini Eronning mashhur rassomlari M. Farshchiyon, A. Rustamiyon, P. Kalontariy, Yo.Tabotaboiy, Otashzod va boshqalar davom ettirmoqdalar. Tasviriy sanʼatda modernizm uslubi rivojlandi. 1959-yil Tehronda Bezak sanʼati oliy maktabi ochildi. Xalq sanʼatida yogʻoch, suyak, sadaf oʻymakorligi, kandakorlik rivojlangan (markazi — Isfahon va Sheroz). 2000-yil Eron Badiiyot akademiyasi tashkil etilgan. Islom madaniyati va tasviriy sanʼati boʻyicha turli yirik xalqaro badiiy koʻrgazmalar, xattotlar tanlovlari oʻtkazish keng tus olgan.

Eronning mumtoz va xalq musiqasi uzoq oʻtmishga borib taqaladi. qadimiy davr musiqasi haqida maʼlumotlar saqlanmagan, ammo musiqiy cholgʻu va ohanglar Eron musiqa madaniyatining Mesopotamiya musiqiy anʼanalari bilan chambarchas bogʻliqligini koʻrsatadi. Xalq musiqasida tasnif, tarona, qasida, gʻazal, dastgoh keng tarqalgan. Eron milliy musiqa cholgʻulari: nay (nayilabak, „haft band“, nayianbon), surnay, kamoncha, qonun, setor, rubob, borbat, tor, santur, doira, toʻnbak. 6-asrga kelib saroy sanʼati, bastakorlar ijodi (Borbat va boshqalar) ravnaq topdi, xalq orasida mutriblar (xonandaraqqos) shuhrat qozondi, musiqa nazariyasi shakllandi. Arab istilosi davrida Eron musiqasi arabmusulmon madaniyati taʼsiriga uchradi, bir vaqtning oʻzida arab hamda fors musiqasi unsurlarini oʻzlashtirdi. 13-asrda bastakor, musiqa nazariyotchisi Safiuddin al-Urmaviy mashhur boʻldi. 19-asrning 2-yarmidan boshlab Eron musiqasiga Yevropa musiqasi taʼsir koʻrsatdi, Tehronda Shoh kolleji qoshida Yevropa uslubidagi musiqa maktabi ochildi. 20-asrning 20-yillarida bastakor, Tehron universiteti professori Ali Naqi Vaziriy milliy musiqa taʼlimini yoʻlga qoʻydi, musiqa nazariyasiga oid asar yaratib, musiqa maktabi ochdi. 30-yillarning boshlarida Tehronda Oliy musiqa maktabi (40-yillarda konservatoriyaga aylantirildi)oʻz ishini boshladi, filarmoniya jamiyati (1940), X.Sanjariy rahbarligida simfonik orkestr (1946) tashkil topdi. A. Vaziriy, A. Sabo, A. Rashidiy kabi kompozitorlar mashhur boʻlgan. Hozirgi kunda Eronda, asosan, folklor guruhlari, milliy cholgʻu ansambllari mavjud. Shu bilan birga 20-asr oxirlaridan milliy va Yevropa ohanglarini uygʻunlashtirgan estrada va orkestr ijrosiga ham katta eʼtibor berilmoqda. 1968-yildan Sherozda milliy sanʼat festivallari oʻtkazib turiladi. Musiqa sanʼatini rivojlanishiga Mirzo Abdullo, Darveshxon, Mahmud Karami, Faromirzo Poydur, Abu alHasan Sabo katta hissa qoʻshgan, hozirda Husayn Malik, Tohir Zoda, Shahnoz, Shojarayon kabi sanʼatkorlar mashhur.

Teatr sarchashmalari qadimiy marosimlardan boshlanadi. Baʼzi manbalarda qadimiy „bozigar“ (oʻrta asrlardagi masxarabozlar teatrini eslatadi) teatri toʻgʻrisidagi maʼlumotlar saqlanib qolgan. Eronda pantomima, qoʻgʻirchoq va soya teatrlari qadimdan mashhur. Oʻtmishda niqoblar namoyishi va marosim („sade“) tomoshalari uyushtirilgan. 10-asrdan boshlab imom Husayn vafotiga bagʻishlangan diniy yoʻnalishdagi sahnalar qoʻyilgan. 17—18-asrlarda fors tragediyasi turlaridan biri — taʼziya vujudga keldi. 20-asrning 30-yillariga qadar Eronda masxarabozlar teatri mavjud boʻlgan. 1890-yil Tehronda saroy teatri tashkil topdi. 20-asr boshlarida Eronda „Farhang“ („Madaniyat“) teatr hissadorlik jamiyati taʼsis etildi. 1911-yil Eron milliy teatriga, 1917-yil Yevropa uslubidagi Eron komediya teatriga asos solindi. 1929-yildan boshlab Eron teatrlarida ayollar faoliyat koʻrsata boshladi. 1932-yil rassom S. Kermonshohiy Tehronda teatrstudiya tashkil etdi. Ushbu maskan mamlakatning ilgʻor teatr sanʼati markaziga aylandi. 1930—40 yillar teatrlarda, asosan, Yevropa dramaturglarining asarlari sahnalashtirildi. Eron teatr sanʼatining yuksalish davri 1960-yillarga toʻgʻri keldi. 1963-yil Tehronda professional aktyorlarni tayyorlovchi drama studiyasi tashkil etildi, doimiy teatr guruhlari, jumladan „Bugungi teatr“ (rahbari M. Jafariy) va Milliy truppa (rahbari M. Javonmard) paydo boʻldi. 1968-yildan Sherozda har yili teatr festivali oʻtkaziladi. 1979-yilga qadar Eronda varyete teatri ham mavjud boʻlgan. Islom inqilobidan soʻng teatr sanʼati inqirozga yuz tutdi. Hozirgi kunda diniy ruhdagi spektakllarni sahnalashtirish uchun ruxsat berilgan. Ayollarning teatrda faoliyat koʻrsatishi man etilgan.

1920-yilda Tehronda birinchi kinoteatr ochildi. 1930-yil komediya janridagi ilk badiiy film yaratildi. 1934-yil dastlabki ovozli film suratga olindi. 1946-yil „Mitrafilm“ (1948-yildan „Forsfilm“) kinostudiyasi tashkil etildi. 1950-yillarda suratga olingan „Port oʻgʻrisi“ filmi mamlakatning eng mashhur kino asariga aylandi. 60-yillarning oxiri — 70-yillarda tarixiy, afsonaviy, muhabbatni tarannum etuvchi film va musiqiy komediyalar, jumladan, „Mozandaron yoʻlbarsi“ (rejissor S. Xachikiyon), „Intizorlik sohili“ (rejissor S. Yosimiy) kabi filmlar yaratildi. 1955-yildan Tehronda xalqaro, 1964-yildan milliy kinofestivallar oʻtkaziladi. 1964-yil Kino sanʼatining oliy kengashi tuzilgan. Usha davrning taniqli rejissorlari I. Kushon, M. Muhsiniy, S. Yosimiy, S. Xachikiyon, Sh. Rafiyo milliy kinematografiyani rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshdilar. 1970-yillarda yiliga 100 dan ortiq badiiy film yaratildi, mamlakatda 500 ga yaqin kinoteatr ishladi. Islom inqilobidan keyingi davrda kino sanʼati inqirozga uchradi. Filmlar ishlab chiqarish hajmi keskin kamaydi (yiliga 30 ta). Mamlakatda aksariyat kinostudiya va kinoteatrlar oʻz faoliyatini toʻxtatdi. 1980—81 yillar bor-yoʻgʻi 11 film yaratildi. 1980-yillar oxiriga kelib kinematografiya qayta tiklana boshladi. Davlat tomonidan koʻrsatilgan yordam hamda gʻarb filmlariga qoʻyilgan cheklashlar evaziga Eronda oʻziga xos milliy kino yaratildi va iqtidorli kinoartistlar yetishib chiqdi. 1990-yillarning oʻrtalarida Eron filmlari xalqaro miqyosga chiqdi. „Olcha taʼmi“, „Shamol bizni olib ketadi“ (ikkalasining rejissori A. Kiyorustami), „Qandahor“ (rejissor M. Maxmalbof), „Ota“, „Osmon bolalari“, „Jannat rangi“ (uchalasining rejissor M. Majidiy) kabi filmlar Kann, Turin, Berlin va Moskva kino anjumanlarida eʼtiborli sovrinlar sohibi boʻldi. Bu filmlarda davrning ijtimoiy va madaniy muammolari, insonlar oʻrtasidagi munosabatlar, hayot falsafasi haqqoniy aks ettirildi.

Oʻzbekiston — Eron munosabatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Demografiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eron aholisi 83,500,000 kishini tashkil qiladi. Eroning rasmiy tili fors tilidir, ammo Eronning 16 % aholisi turkiy tilli xalqlardan tashkil topgan. [8] [9] [10] [11] [12]

  1. Bugun.uz. „Эронда президентлик сайловида етакчиликни қўлга киритган номзод маълум бўлди“. https://bugun.uz/. 2021-yil 24-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 19-iyun.
  2. https://eng-archive.aawsat.com/theaawsat/news-middle-east/iran-ranks-first-world-wide-for-executing-minors
  3. „Mas’ud Pezeshkiyon Eron prezidenti etib saylandi“. 2024-yil 9-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 9-iyul.
  4. Statistical Centre of Iran
  5. Statistical Centre of Iran
  6. WebCite query result, 2010-01-10da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2010-01-10 {{citation}}: Cite uses generic title (yordam)
  7. 7,0 7,1 „fa:جمعیت و خانوار شهرستان‌های کشور براساس سرشماری عمومی نفوس و مسکن 1390“ (Persian). Statistical Center of Iran. 2016-yil 4-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 23-yanvar 2015-yil. (Wayback Machine saytida 2016-03-04 sanasida arxivlangan)
  8. سیری در تاریخ زبان و لهجه های تؤرکی ، دکتر جواد هیئت
  9. ترکان و بررسی تاریخ زبان و هویت آنها در ایران ، حسن راشدی
  10. Ahmet Caferoğlu, Türk Kavimleri, Enderun Kitabevi, İstanbul, 1988, s. 64 — 72.
  11. فرهنگ جغرافیایی ملی ترکان ایران ، دکتر پناهیان
  12. arxiv nusxasi, 2012-11-09da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2011-04-27