[go: up one dir, main page]
More Web Proxy on the site http://driver.im/Kontent qismiga oʻtish

Qutayba ibn Muslim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qutayba Ibn Muslim Albohiliy, Abu Hafs (660—715) – Umaviylarning Xurosondagi noibi (705—715), Movarounnahrni fath qilgan arab sarkardasi. Qutayba Ibn Muslim qays (qaysit) nomli shim. arab qabilasiga mansub boʻlgan. Hajjoj ibn Yusuf tomonidan Xuroson amiri (noibi) qilib tayinlangach (705), dastlab Xuroson va Toxaristonni toʻla ravishda arablarga boʻysundirdi. Soʻngra u 706—715-yillar orasida Movarounnahrning katta qismini (Romitan va Poykendni, 707; Varaxsha, Vardona va Buxoroni, 709; Shuman, Kesh va Nasafni, 710; Xorazm va Samarqandni, 712; Shosh, Fargʻona va Qoshgʻarni, 713—715-yillarda) arab xalifaligiga tobe etgan. Qutayba Ibn Muslim qoʻshiniga Buxoro va Samarqanddagi sugʻdiylar va turkiylar, xususan, Vardona mulkining hukmdori Vardonxudot qattiq qarshilik koʻrsatgan.

Qutayba Ibn Muslim tomonidan mahalliy aholini islom diniga kiritish dastlab qattiq qarshilikka uchragan. Masalan, u toʻrtinchi marta jang qilib Buxoroni olgach, arablar buxoroliklar bilan birga turib, ularning xatti-harakatlaridan xabardor boʻlib tursalar buxoroliklar zaruratdan musulmon boʻladi degan maqsadda Buxoro aholisiga oʻz uylarining yarmini arablarga berishga undab buyruq chiqardi. Qutayba Ibn Muslim shu yoʻl bilan Buxoro va boshqa shaharlarda musulmonchilikni oʻrnatdi. Movarounnahrda dastlabki Jomeʼ masjidini Buxoroda qurdirdi (712—713). Qutayba Ibn Muslim boshqa shaharlarda ham masjidlar qurdirib, zardushtiylik va buddaviylikka qarshi ayovsiz kurashdi.

Beruniynning „Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar“ asarida keltirilishicha:

„Qutayba Xorazm xatini yaxshi biladigan, ularning xabar va rivoyatlarini oʻrgangan va bilimini boshqalarga oʻrgatadigan kishilarni halok etib, butkul yoʻq qilib yuborgan edi. Shuning uchun u (xabar va rivoyatlar) islom davridan keyin haqiqatni bilib boʻlmaydigan darajada yashirin qoldi.“

Qutayba Ibn Muslimning yangi xalifa Sulaymon (hukmronlik davri: 715—717) ga boʻysunmasligi, Movarounnahrdagi arab qoʻshinlari oʻrtasida unga nisbatan norozilik paydo boʻlishi va isyon koʻtarilishiga olib keldi. Arablarning shaybon qabilasiga mansub Hayyon an-Nabatiy (uning 7 ming kishilik qoʻshini boʻlgan) va tamim (tamimiy) qabilasi vakili Vaqi ibn Abu Sud boshchiligidagi isyonchilar Qutayba Ibn Muslimning chodiriga bostirib kirib, u bilan birgalikda Abdurrahmon, Abdulloh, Solih, Husayn, Abdulkarim nomli ukalarini, oʻgʻli Kasir ibn Qutayba va jiyanlarini (jami 11 erkakni) oʻldirishgan. Qutayba Ibn Muslim Kox qishlogʻidagi Raboti Sarxang (hozirgi Mozorbuva) qabristonida dafn etilgan. Uning shaxsi ilk oʻrta asrlardan boshlab Movarounnahrda islom ulamolari tomonidan muqaddaslashtirilgan.

  • Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966; Beruniy, Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar, t. 1, T., 1968; Istoriya at-Tabari, T., 1987.