[go: up one dir, main page]
More Web Proxy on the site http://driver.im/Kontent qismiga oʻtish

Jismoniy mashqlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Jismoniy mashqlar — kishining jismoniy taraqqiyot darajasini oshirish uchun maxsus tanlangan harakatlar.

Muntazam va izchil bajariladigan jismoniy mashqlar jismoniy tarbiyaning asosini tashkil etadi. Jismoniy tarbiya amaliyotida tarkib topgan jismoniy mashqlar (odamning mehnat, turmush, harbiy faoliyatidan olingan harakat va amallar asosida — yugurish, sakrash, irgʻitish, tosh koʻtarish, suvda suzish va boshqalar) gimnastika, yengil atletika, ogʻir atletika, harakatli va sport oʻyinlari, sport turizmi va hokazoni keltirib chiqardi. Ilmiy asosda tanlangan jismoniy mashqlar barcha harakat organlarining faoliyatini yaxshilaydi, mehnat qobiliyatini oshiradi.jismoniy mashqlar turlari toʻgʻri va aniq tasnif qilinishni taqozo etadi. Shunda ulardan koʻzlangan samaraga erishish mumkin. Jismoniy mashqlar - jismoniy tarbiyaning asosiy vositasi boʻlib, u tarixan gimnastika, oʻyinlar, sport va turizm tarzida guruhlarga ajratilib, tarbiya jarayonining vositasi sifatida foydalanib kelindi. Jismoniy mashq deb jismoniy tarbiya qonuniyatlari talablariga javob beruvchi, ongli ravishda bajariladigan ixtiyoriy harakat faoliyatlarining turli turkumi tushuniladi. Bunday harakat faoliyatlari gimnastika, oʻyinlar, sport, turizm mashqlari sifatida tarixan tizimlashtirildi, usuliyati toʻplandi va toʻldirildi. Jismoniy mashqni vujudga kelishi - tarixan qator darsliklarda (A.D. Novikov, B.A. Ashmarin va boshqalar, 1966, 1979) Ibtidoiy jamoa tizimi davriga toʻgʻri keladi deb koʻrsatiladi. Jismoniy mashqning vujudga kelishida obyektiv sabab qilib ibtidoiy odamning qorin toʻydirish maqsadida ov qilishi, subyektiv sabab sifatida ongning shakillanishi deb qaraldi. Ibtidoiy qurollarni ishlatishni bilmagan ibtidoiy odam oʻz oʻljasini holdan toldirguncha quvlagan. Bu bilan ovchi organizmi katta jismoniy tayyorgarlikka muhtojlik sezgan. Jismoniy tayyorgarligi etarli boʻlmaganlarining oʻzlari oʻljasiga yem boʻlgan. Shunga koʻra vaqt oʻtishi bilan ibtidoiy odamlar ovga gala-gala boʻlib chiqadigan boʻldilar. Ibtidoiy qurollar: tosh, qirrali tosh boylangan nayza, xas-choʻp bilan nomigagina berkitilib qoʻyilgan chohlardan va boshqalardan ovchilar foydalana boshlashgan, ijtimoiy ong shakllana boshlangan. Ovda ishtirok etolmay qolgan qabilani qariyalari yoshlarga toshni nishinga otish, uni zarbini kuchaytirishni mashq qildira boshlagan va bu bilan tarbiyaga asos solingan tarbiya jarayonining elementlari shakllana boshlagan. Keyinchalik uloqtirish, quvib yetish yoki qochish uchun yugurish, sakrashlar mashq qilina boshlangan. Bu esa jismoniy mashqlarni hamda jismoniy tarbiyaning elementlarini vujudga kelishi va shakillanish davri deb qaralgan. Shu kunga kelib bu mashqlar hozirgi zamonning yengil atletika, gimnastika, sport oʻyinlari, yakka kurashlari, turizm va sportning boshqa turlari tarzida jismoniy tarbiya jarayoni uchun asosiy vosita sifatida foydalanilmoqda. Jismoniy mashqlar xillarining koʻpayishiga insonning mehnat faoliyati ham ta’sir koʻrsatdi. Ma’lumki, mehnat jismoniy kuch, chidamlilik, tezkorlik, chaqqonlikdek insonning jismi (harakat) sifatlarining ma’lum darajadagi tayyorgarligi, uning rivojlanganligini talab qiladi. Tarbiya amaliyotida, asosan, inson mehnat faoliyatida qoʻllaydigan harakatlarini koʻproq mashq qiladi. Jismoniy mashqning rivojlanishida diniy marosimlar, bayramlardagi oʻyinlar, raqslar, harbiy faoliyatdagi, sanoatdagi ongli ravishda bajariladigan ixtiyoriy harakatlar vosita boʻlib xizmat qiladi. Jismoniy mashqlar tabiatini tabiiy qonunlar I.M. Sechenov va I.P. Pavlovning ilmiy dunyo qarashlarida ochib berilgan. Ixtiyoriy harakat Sechenovning fikricha, ong va aql bilan boshqariladi hamda biror maqsadga yoʻnaltirilgan boʻladi. Pavlov esa harakatlarni fiziologik mexanizmini ochib, harakatlar bosh miya poʻstloq qismining toʻplash xususiyati bilan bogʻliqligini birinchi, ikkinchi signal sistemasi, shartli hamda shartsiz reflekslarning aktiv ishtirokida vujudga kelishligini ilmiy isbotladi. Jismoniy mashqlarning mazmuni va shakli. Barcha hodisa va jarayonlarga oʻxshash jismoniy mashqlar oʻzining mazmuni va shakliga ega. Jismoniy mashqni bajarishda sodir boʻladigan mexanik, biologik, psixologik jarayonlarning toʻplami jismoniy mashqlarning mazmunini vujudga keltiradi, ularning ta’siridan harakat faoliyati uchun qobiliyat rivojlanadi. Shuningdek mashq mazmuniga uning boʻlaklarini toʻplami, masalan, uzunlikka sakrashda tanaga tezlik berish, depsinish havoda uchish, erga tushish zvenolari hamda mashqni bajarishda hal qilinadigan vazifalar, shuningdek mashqni bajarishdan organizmda sodir boʻladigan funksional oʻzgarishlar haqidagi nazariy bilim va amaliy harakat malakalari kiradi. Bu elementlarning barchasi jismoniy mashqning umumiy mazmunini vujudga keltiradi. Jismoniy mashqning shakli ularning ichki va tashqi strukturasining muvofiqligida koʻrinadi.Mashqning ichki strukturasiga shu faoliyatni bajarishda ishtirok etadigan skelet muskullari, ularning qisqarishi, choʻzilishi, buralishi va hokazo, biomexanik, bioximik bogʻlanishlari – energiya sarflanishi, yurak-tomir, nafas olish, nerv boshqaruvi va boshqa organalardagi jarayonlar, ularning oʻzaro bogʻliqligining, oʻz ichiga oladi. Biologik, mexanik, psixologik va boshqa jarayonlarning mashq bajarishda birini biri bilan aloqasi, oʻzaro kelishilganligi yugurish mashqlarida boshqacha boʻlsa, shtanga koʻtarishda boshqacha, ya’ni ichki struktura turlicha boʻladi. Mashqning tashqi shakli, tashqi strukturasi esa oʻsha mashqning tashqi koʻrinishi,harakatni bajarish paytiga ketgan vaqt yoki kuch sarflash meyori va harakat intensivligini koʻrinishi bilan xarakterlanadi. Jismoniy mashqlar shakli va mazmuni oʻzaro bogʻliq boʻlib, bir-birini taqazo etadi. Mazmunning oʻzgarishi shaklni oʻzgarishiga olib keladi. Mazmun shaklga nisbatan asosiy rolni oʻynaydi. Masalan, har-xil masofada tezlik sifatining namoyon boʻlishi yugurish texnikasiningham turlicha boʻlishiga sababchi boʻladi (qadamning kattaligi, chastotasi, tananing holati va hokazo). Shakl mazmunga ta’sir koʻrsatadi. Aniq ma’lum birharakat uchun namoyon boʻlayotgan jismoniy sifatlar shu jismoniy mashqni bajarishdagi malakaga ta’sir qiladi. Shuning uchun suzuvchi kuchi bilan gimnastikachi kuchi, shtangachi kuchi biri-biridan farqlanadi. Jismoniy mashqni shakli va mazmunining ratsional muvofiqligiga erishish jismoniy tarbiya nazariyasi va amaliyotining asosiy muammolaridandir. Bu muammo qisman harakat malakasi va koʻnikmasiga, shuningdek jismoniy sifatlarigaham ta’luqlidir. Jismoniy mashqlar texnikasi texnika toʻgʻrisidagi tushunchani pedagogik yoki biomexanik nuqtai nazardan oʻrgansa boʻladi. Pedagogik nuqtai nazardan harakat vazifasini oson samarali hal qilish uchun tanlangan harakat faoliyatini jismoniy mashq texnikasi deb atash qabul qilingan. Samaradorlik oʻquvchilar organizmiga eng oqilona ta’sir oʻtkazish bilan ifodalanadi. Ammo ulardan eng maqbuli texnikaviy bajarilish deb ataladi. Masalan, har xil usullar bilan suzish mumkin (krol, chalqancha va boshqalar), biroq ba’zilar klassik usullarning birortasidan ham foydalanmasdan suzadilar. Bajarilish usullarining samaradorligi oʻquvchining individual fazilatiga, jismoniy tayyorgarlik darajasiga hamda qoʻyilgan vazifalarga (masalan, agar uncha katta boʻlmagan balandlikka arqonda tez chiqish kerak boʻlganda “bir qoʻlda” usulini qoʻllaydilar, qattiq arqonda bitta usulni – kanatni oyoqlar bilan ushlash usulini qoʻllaydilar, yumshogʻida – boshqasini) bogʻliq. Jismoniy mashqlar texnikasi muntazam ravishda rivojlanadi: odatlangan texnika takomillashtiriladi, ba’zida esa usullar barham topadi, yangilari tuziladi. Bu jarayon qator sabablar bilan belgilanadi: 1. Sport tayyorligi darajasiga talablarning muntazam oʻsayotganligi. 2. Harakatlar bajarilishining mukammallashgan usullarini uzluksiz izlash, muvofiq tekshirishlar natijasi va rolining oshishi. 3. Yangi sport anjom-jihozlarining yuzaga kelishi. Jismoniy mashq texnikasi yetakchi sportchilarning (muayyan vaqt uchun) harakat bajarish usullarini amaliyotda tekshirish va ilmiy tahlil qilish, izlanish natijasidir. Bunday zamonaviy texnika harakatni bajaruvchilarning barchasi uchun teng darajada eng oqilona asosni aks ettiradi va shu sababli andozali texnika deb ataladi. Andozali texnika bajarilishning ba’zi usullarida individual tuzilishi jihatidan chetga chiqishni istisno qilmaydi. Texnikani individuallashtirish ikki yoʻnalish boʻyicha amalga oshiriladi: individuallashtirishning bir xil andozali yoʻli boʻyicha, u standart texnika chegarasida ayrim shaxslar guruhlari jismoniy tayyorgarligi va qomatning andozali fazilati bilan muvofiqlikda oʻzgarishlar kiritiladi; insonning shaxsiy fazilatlarini hisobga oluvchi maxsus individuallashtirish yoʻli boʻyicha sport-texnikaviy koʻnikma aynan maxsus individuallashtirishning yuqori darajasini ham aks ettiradi (amaliyotda uni “oʻz usuli” deb tavsiflaydilar).Texnikani individuallashtirishga asosiy e’tiborni bolalarni harakatga oʻrgatayotgan vaqtda qaratish kerak. Andozali texnika faqat harakatning tuzilish asosini aks ettiradi va kattalarning harakatlarini tahlil qilish yoʻli bilan quriladi. Bolalar jismoniy tayyorgarligi va gavdasining tuzilish xususiyatlari bilan muvofiqlikda texnikani individuallashtirish muammosi vujudga keladi. Masalan, kichik maktab yoshidagi bolalar yugurish vaqtida boldir-tovon tuzilishining oʻziga xos xususiyatlari sababli tovonning oldingi qismiga bosishda qiynaladi. Texnika- grekcha soʻz boʻlib, “bajara olish san’ati” degan ma’noni bildiradi. Jismoniy mashq texnikasi doim oʻzgarib turadi va takomillashadi. Takomillashgan harakat texnikasi yuqori natija koʻrsatish garovi boʻlib, unga sportchilarning tinimsiz ter toʻkishi orqali erishiladi. Sportchining jismoniy tayyorgarligini ortishi yoki uning gavdasi tuzilishi, jismoniy rivojlanganlikni koʻrsatuvchi koʻrsatkichlarning turli-tumanligi, sport turi jismoniy mashqlar bajarish texnikasini asosini, uning zvenolari yoki detallarini oʻzgarishiga, almashishiga sabab boʻlishi mumkin.Harakat faoliyatiga ta’sir etuvchi harakatlarning ahamiyatliligi darajasi bir xil emas. Shuning uchun harakat texnikasi: texnika asosi (negizi), uning asosiy zvenosi va texnika detallari degan qismlarga boʻlinadi. Texnikaning asosi - deganda, harakat orqali qoʻyilgan vazifani bajarish uchun kerak boʻladigan harakat faoliyati tizimining oʻzak qismi tushuniladi. Qoʻllangan usullar tananing qismlarini oʻzaro kelishgan holda, harakat faoliyatining ketma-ketligi tizimini buzmay, jismoniy sifatlarining keraklicha namoyon qilinishini taqazo etadi. Usul samarali boʻlsa, amaliyotda unumli qoʻllanishi mumkin va uzoq vaqt oʻzining hayotiy amaliyligini saqlab qoladi. Texnika asosida yetakchi harakat deb ataladigan negiz ajraladi, ya’ni harakat unga, birinchi navbatda, harakatning natija koʻrsatishi bilan bogʻliq. Masalan, tayanib sakrash vaqtida qoʻllar bilan siltanish. Texnikaning asosiy zvenosi– bu ma’lum bir harakatdagi asosiy mexanizmning eng muhim va hal qiluvchi qismidan iborat. Masalan, yugurib kelib balandlikka sakrovchilar uchun texnikaning asosiy zvenosi sakrash, oyoqni yuqoriga siltab, tez birlashtirishdan, uloqtirish uchun - yakunlovchi zoʻr berishdan, gimnastikada egilib koʻtarilish (istalgan usul uchun) - tos-son boʻgʻinlarini oʻz vaqtida va tez kerish (keyinchalik toʻxtatish)dan iborat boʻladi. Sport harakatlarida asosiy zvenoni bajarish nisbatan qisqa vaqt oraligʻida boʻladi hamda muskullarning koʻp kuch sarflashini talab etadi. Texnikaning detali - bu harakat tarkibiga kirgan, lekin uning asosiga, zvenolariga ziyon etkazmaydigan qoʻshimcha harakatlar yoki shu harakat mexanizmi tarkibidagi eng mayda boʻlaklardir. Uni harakat tarkibida bajarsa ham bajarmasa ham boʻladi. Masalan, uzunlikka sakrashda kimdir tanaga tezlik berishni keskin tezlanish bilan, kimdir tezlanishni asta-sekinlik bilan boshlaydi. Individual xususiyatlardan toʻgʻri foydalanish individual texnikani koʻrsatadi. Individual texnika mazkur sportchi uchun eng takomillashgan texnika hisoblanadi.Harakatlar xarakteristikasi insonning harakatlari murakkab bir butunlikni tashkil etadi. Harakat aktining bir butunligi bu akt tashkil topadigan harakatlarning oʻzaro bogʻliqligida va oʻzaro ta’sir etishida namoyon boʻladi; harakat detallaridan birining oʻzgarishi natijasida fazada, boshqa bir qator detallarning vaqt jihatidan oʻzgarishi roʻy beradi. Jismoniy tarbiya nazariyasi va amaliyotida harakatlarning tuzilishi haqida gapiriladi. Harakatning tuzilishi – uning yagona bir butunlik sifatidagi barcha tarkibiy qismlarining oʻzaro qonuniy bogʻlanishidir. Insonning barcha harakatlari fazoda va ma’lum bir vaqtda sodir boʻladi, shuning uchun harakatlarning fazoviy, vaqt va fazoviy - vaqt xarakteristikalarini oʻz ichiga olgan kinematik tuzilishi haqida gapirish mumkin. Harakatning kinematik tuzilishi dinamik tuzilish bilan, ya’ni mazkur harakatga sabab boʻlgan tashqi va ichki kuchlarning oʻzaro aloqasi bilan belgilanadi. Bir butun murakkab harakatda harakat tuzilishining yana bir muhim tomoni – ritmik tomoni, harakatning vaqt va kuch munosabatlarini majmuali holda aks ettiruvchi tomonlari ajratib koʻrsatiladi. Harakatning kinematik va dinamik tuzilishi oʻzaro bogʻlangan, ulardan birining oʻzgarishi qonuniy ravishda ikkinchisining oʻzgarishiga olib keladi. Pedagogik nuqtai nazardan har bir aniq jismoniy mashqni bajarishda bu xarakteristikalardan har birining ahamiyati har xil boʻladi. Oʻqitishning turli bosqichlarida ulardan ba’zi birlari asosiy rol oʻynasa, boshqalari vaqtincha ikkinchi darajali ahamiyatga ega boʻladi. Biroq, barcha xarakteristikalarning harakatlarda birgalikda, bab-baravar namoyon boʻlishi jismoniy mashqning texnik jihatdan juda toʻgʻri bajarilishini ta’minlaydi. Gavdaning holati va gavda qismlarining harakat traektoriyasi (yoʻli) jismoniy mashqlar texnikasining fazoviy xarakteristikasiga taalluqlidir. Koʻpgina jismoniy mashqlarni bajarish vaqtida gavda va uning qismlari bir-biriga nisbatan holatini oʻzgartiribgina qolmaydi, balki muskullarning statik taranglashishi hisobiga erkin suratda harakatsiz holatni saqlab qoladi. Koʻpchilik jismoniy mashqlarning foydaliligi koʻp hollarda faqat dastlabki holatga bogʻliq boʻlmaydi, balki harakat jarayonidagi butun gavda holati yoki uning ayrim qismlari holatining muayyan, ancha foydaliroq vaziyatda boʻlishiga ham bogʻliq. Masalan, suzuvchining gorizontal holati, konkichi va velosipedchining bukchayib olishi tashqi muhit qarshiligini kamaytiradi va bu bilan gavdaning tezroq oldinga harakat qilishiga imkon beradi. Changʻida tramplindan sakrashda gavdaning koʻproq yotiq boʻlishi gavdaning pastga tushishidagi havoning qarshiligini oshiradi, ayni vaqtda gavdaning oldinga siljishida havoning qarshiligini kamaytiradi va bu bilan sakrash masofasini uzaytiradi. Harakat jarayonida gavda holatini oʻzgartirish bilan dinamik tayanch reaksiyalar yoʻnalishini oʻzgartirish va shu tufayli gavdaga mazkur yoʻnalish shartlari uchun qulay boʻlgan tezlanish berish mumkin. Bularga qisqa va uzoq masofalarga yugurishda, turgan joydan va yugurib kelib uzunlikka sakrashdagi depsinish fazalarida gavda holatlarining turli xilda boʻlishi misol boʻla oladi. Jismoniy mashqlarning ba’zi turlarida umumiy holat va gavdaning ayrim qismlari holatiga maxsus talablar quyiladi. Bu talablar jismoniy mashqlarning faqat biomexanik jihatdan maqsadga muvofiqligi bilan emas, balki harakatlarning chiroyli bajarilishi nuqtai nazaridan ham kelib chiqadi. Masalan, konkida figurali uchishda, suvga sakrash va gimnastikada mashqlarning faqat koordinatsion murakkabligi emas, balki gavda holatining aniqligi, harakatlarning dadil va erkinligi, nafisligi va boshqa shu kabi tashqi koʻrinishlar ham hisobga olinib baholanadi. Har qanday harakatda gavdaning harakatlanayotgan qismi traektoriyasini ajrata bilish kerak. Traektoriyaning oʻzida uch narsani: traektoriyaning shakli, yoʻnalishi va harakat amplitudasini koʻrsatib oʻtish mumkin.Traektoriyasining shakliga koʻra harakatlarni toʻgʻri chiziqli va egri chiziqli turlarga boʻlish mumkin. Kuzatishlar odam hech vaqt toʻgʻri chiziqli harakatlar qilmasligini koʻrsatadi. Gavdaning biror qismini qisqa masofaga katta tezlik bilan harakat qildirish kerak boʻlgan hollarda (masalan, boksda toʻgʻridan zarb berish) toʻgʻri chiziqli harakatlarning ahamiyati koʻproq boʻladi. Faol harakatlar traektoriyasi shaklining xilma-xilligi asosan gavdaning ma’lum bir qismini mustahkamlovchi asab markazlarining rivojlanganligi bilan belgilanadi. Traektoriya shaklining murakkabligi ham gavdaning harakatlanadigan qismiga bogʻliq; bu qism qanchalik katta boʻlsa, uning shakli shunchalik sodda boʻladi. Masalan, tos-son boʻgʻimlari atrofida muskullar ham koʻp, ularning joylashishi ham xilma-xil, lekin oyoqning harakati qoʻl harakatidek koʻp va chaqqon emas. Jismoniy mashqlarning shugʻullanuvchilar organizmiga koʻrsatadigan ta’siri samaradorligi hamda mashqlar texnikasini muvaffaqiyatli bajarish harakatlanayotgan gavdaga, uning qismlariga yoki harakatlanadigan buyumga qanchalik toʻgʻri yoʻnalish berilganiga bogʻliq. Jismoniy tarbiya amaliyotida harakatlarning yoʻnalishi yo jismning yuzasi yoki tashqi moʻljallar bilan aniqlanadi. Masalan, qoʻllarimizni oldinga yoki yon tomonlarga koʻtarar ekanmiz, biz qoʻl harakatining oʻz gavdamizga nisbatan yoʻnalishini aniqlaymiz. Yuqoriga-pastga, oldinga-orqaga, oʻngga-chapga boʻlgan yoʻnalishlarni odam gavdasining asosiy yoʻnalishi deb atash qabul qilingan. Harakat amplitudasi – bu harakatning kengligidir. Amplitudaning katta-kichikligi burchak darajalari bilan aniqlanadi. Gavdaning bir necha zvenolari harakatining umumiy amplitudasini ba’zan chiziqli oʻlchov bilan (masalan, qadamning uzunligi – 80 sm) yoki shartli belgilar (masalan, yarim choʻqqayish) bilan aniqlaydilar. Inson gavdasi ayrim zvenolarining harakatlari amplitudasi boʻgʻimlarning tuzilishiga, bogʻlovchi apparat hamda muskullarning egiluvchanligiga bogʻliq. Fazoviy-vaqt xarakteristikasi Jismning fazoda vaqt birligi ichidagi siljishi tezlikni ifodalaydi. Tezlik jism bosib oʻtgan yoʻl uzunligining shu yoʻlni bosib oʻtishga sarflangan vaqtga nisbati bilan aniqlanadi. Odatda, tezlikni aniqlashda uni metr/sekund bilan oʻlchanadi. Agar yoʻlning barcha nuqtalarida harakatning tezligi bir xil boʻlsa, bunday harakatni tekis harakat deb, agar u oʻzgarsa, notekis harakat deb ataladi. Tezlikning vaqt birligida oʻzgarishi tezlanish deb ataladi. Psixologik va metodik nuqtai nazardan tezlik optimal va maksimal tezlikka ajratiladi. Sport texnikasida harakat tezligi muhim rol oʻynaydi: tezlik qanchalik katta boʻlsa, sport natijalari shuncha yuqori boʻladi. Biroq eng yuqori natijaga erishish uchun koʻpincha maksimal tezlik emas, balki har bir sportchi uchun harakatning optimal tezligi muhim ahamiyatga ega. Tezlik erkin va majburiy boʻlishi mumkin. Masalan, changʻichining tepalikka koʻtarilishdagi tezligi erkin tezlik boʻlsa, tepalikdan pastga tushishda esa majburiydir. Vaqt xarakteristikasi harakatning qancha vaqt davom etishi va uning sur’ati harakatning vaqt xarakteristikasini ifoda etadi. Holat va harakatlarning davom etishi organizm faoliyatini oʻzgartirishda muhim rol oʻynaydi. Mashq bajarishning davomiyligini oʻzgartirish bilan yuklamaning umumiy hajmini tartibga solish mumkin. Jismoniy mashqlar texnikasida harakatning ayrim fazalari (eshkakni orqaga olib borish va eshkak eshish, moʻljallash va toʻp tashlash) yoki gavdaning ayrim qismlari harakati katta ahamiyatga ega. Bajarilayotgan ishning qancha vaqt davom etishi haqida vaqt-vaqti bilan axborot berib turish ishchanlikni oshiradi. Harakat sur’ati. Sur’at deganda harakat siklining takrorlanish chastotasi yoki vaqt birligi ichidagi harakat miqdori tushuniladi. Masalan, biz yurish sur’ati haqida – minutiga 120-140 qadam, eshkak eshish sur’ati haqida – daqiqasiga 30-40 marta eshkak eshish deb gapiramiz.Harakat sur’ati gavdaning ogʻirligi yoki harakatlanayotgan qismining inersiya momentlariga bogʻliq. Masalan, qoʻl panjalarini harakatlantirishda gavda harakatiga nisbatan (sekundiga 1-2 harakat) ancha yuqori sur’atni (sekundiga 8-10 harakat) saqlab turish mumkin. Koʻpincha sur’atning oʻzgarishi bilan harakatning butun tuzilishi ham sifat jihatidan oʻzgaradi. Masalan, agar sur’at ma’lum bir chegaradan ortib ketsa, yurish yugurishga aylanadi.Pedagogik amaliyotda fiziologik yuklamani kuchaytirish yoki kamaytirish maqsadida harakatlarning turli sur’atlaridan foydalaniladi. Ritmiklik xarakteristika “Ritm” soʻzi juda keng tarqalgan boʻlib, xilma-xil hodisalarga nisbatan qoʻllanadi. Vaqti-vaqti bilan takrorlanishning oʻzi ritmni tashkil etadi. Ritmning asosiy sharti mazkur harakatda kuchli, biror-bir jihatlarni ta’kidlab koʻrsatiladigan lahzalarning mavjudligi hamda turli vaqt intervallarining oʻzgarishi, almashinishidan iboratdir. Shunday qilib, ritm harakatlarning majmuali (dinamika-vaqt) xarakteristikasidir. Harakat ritmi uchun harakatning kuchli, alohida kuch bilan bajariladigan qismlarining vaqt jihatidan xilma-xil munosabatda boʻlishi xosdir. Jismoniy mashqlarda muskullarning kuchlanishi va boʻshashtirilishining toʻgʻri va oʻz vaqtida almashinib turishi sport texnikasini egallab olishning eng muhim koʻrsatkichlaridan biridir. Yuqori malakali sportchilarning oddiy sharoitlardagi harakat ritmi juda aniq boʻladi. Ma’lum bir kishining texnik jihatdan mukammal qilib bajargan har bir aniq harakatida maqsadga muvofiq ritmni koʻrish mumkin. Har bir sportchida uning individual xususiyatlariga qarab, harakatlarni bajarishning oʻz ritmi boʻlishi lozim. Jismoniy mashqlarni bajarishda harakat ritmi ratsional texnikaning obyektiv qonuniyatlariga muvofiq ravishda inson tomonidan yaratiladi va tartibga solinadi. Dinamik xarakteristikalar Kishi gavdasining harakatiga ta’sir etadigan kuchlarni ichki va tashqi ta’sir kuchlariga boʻlish mumkin. Quyidagilar ichki kuchlarga kiradi: a) tayanch-harakat apparatining passiv kuchlari – muskullarning elastik kuchi, muskullarning choʻziluvchanligi va b.; b) harakat apparatining faol kuchlari – muskullarning tortish kuchi; v) reaktiv kuchlar – tezlashgan harakat jarayonida gavda zvenolarining bir-biriga munosabati vaqtida aks etuvchi kuchlar. Kishi gavdasiga tashqaridan ta’sir etuvchi kuchlar tashqi kuchlar deyiladi. Jismoniy mashqlarni bajarishda quyidagilar tashqi kuchlar hisoblanadi: a) oʻz gavdasining ogʻirlik kuchi; b) tayanch reaksiyalarining kuchi; v) tashqi muhitning (suv, havo) va fizik jismlarning (kurashdagi raqiblar, akrobatikadagi sheriklar) qarshilik kuchi, tashqi ogʻirliklar, odam joyidan siljitadigan jismlarning inersion kuchlari. Jismoniy mashqlarni bajarish fazalari Muayyan harakatni tashkil etuvchi jismoniy mashq muvofiq navbatda taqsimlangan: faoliyat qaysi harakat bilan boshlanadi, qaysi biri bilan yakunlanadi. Oʻrgatish va ilmiy maqsadlarda jismoniy mashqlarni uch fazaga ajratish maqsadga muvofiqdir.

Harakat tizimi Yugurish-depsinish-uchish-yerga tushish Harakat fazalari 1 2 3 4 Harakat qismlari Tayyorgarlik Asosiy Yakunlovchi Jismoniy mashqlarning davom etishi va shiddatiga qarab organizmdagi oʻzgarishlar jarayonini koʻrsatuvchi fazalar. SIQD- CHT - sport ish qobiliyati dinamikasi, charchash va uni tiklash. FFD - organizmning ayrim tizimlarini funksional faollik dinamikasi. BMS - bioenergetik moddalarning sarflash va tiklash dinamikasi. SS - superkompensatsiya samaradorligi. Tayyorgarlik fazasining ahamiyati harakatni bosh fazada bajarish uchun eng qulay sharoit yaratishdan iborat. Masalan, yugurib borib sakrashda tayyorgarlik fazasi yugurib borishdir. Joydan sakrashda – itarilish oldidan qoʻllarni silkitib va oyoqlarni bukib depsinish asosiy faza harakatlaridan iborat, uning yordami bilan harakatning asosiy vazifasi echiladi. Masalan, depsinish, joydan sakrash, uchish. Asosiy fazadagi harakatlar bevosita asosiy harakat vazifalarini hal qilishga qaratilgan. Biodinamik nuqtai nazardan bu fazadagi eng muhim narsa harakatlantiruvchi kuchlardan tegishli joyda, tegishli yoʻnalishda va zarur lahzada toʻgʻri foydalanishdan iboratdir. Masalan, krol usuli bilan suzishda qoʻllarni vaqtidan ilgari faol harakatlantirish gavdani suvdan koʻtarishga va toʻlqin paydo boʻlishiga sabab boʻladi. Soʻnggi fazada harakat tugallanadi, obrazli qilib aytganda, bu faza ishchi holatdan chiqishga imkon beradi. Sakrashlarda bu yerga qoʻnish, yugurishda marradan keyin bir oz yugurish boʻladi. Asosiy faza texnikaning asosini tashkil etuvchi harakatlar yordami bilan, qolgan ikkita faza esa texnikaning detalini tashkil etuvchi harakatlar yordami bilan amalga oshiriladi. Jismoniy mashqlarning pedagogik turkumlari Jismoniy mashqlarning turkumlarga boʻlinishi – bu ularning eng muhim belgilariga muvofiq bir-biriga bogʻlangan guruhlarga taqsimlanishidir. Oʻqituvchi turkumlar yordamida jismoniy mashqlarning xususiyatini aniqlay oladi, binobarin, mashqlarni tanlashni engillashtiradi, bu pedagogik vazifa talablariga javob beradi. Modomiki, jismoniy tarbiya fani rivojlanib borar ekan, yangi ma’lumotlar bilan uzluksiz boyib turadi, turkumlash esa doim bir xilda boʻlib qolmaydi. Har qaysi jismoniy mashq bitta emas, balki bir necha oʻziga xos belgilarga ega. Shuning uchun aynan bir xil mashq har xil turkumlarda ifodalangan boʻlishi mumkin. Masalan, tortilish anatomik belgilar boʻyicha (qoʻllar va mushaklar uchun mashq) turkumlarda ham, asosan, harakat sifatlarining (koʻproq kuchning) rivojlanishini aks ettiruvchi turkumlarda ham namoyon boʻladi. Binobarin, har qanday holat uchun yaroqli yagona turkum yaratilgan boʻlishi mumkin emas; turkumda pedagogik vazifalarni yechish uchun eng ahamiyatli belgilarni hisobga olish kerak. Jismoniy tarbiya tizimlari tarixan tarkib topgan belgilari boʻyicha jismoniy mashqlar turkumlariga (gimnastika, oʻyin, turizm, sport) boʻlinadi. Bu turkumlar boʻyicha jismoniy mashqlar besh guruhga taqsimlanadi. 1. Sun’iy yaratilgan faoliyatlarda harakatlar xilma-xilligini tavsiflovchi gimnastika mashqlari, ularning samaradorligi organizmga, uning tuzilishiga ta’sir oʻtkazadi, shuningdek, barcha harakatlar koordinatsion murakkabligi va uygʻunligi bilan belgilanadi. Harakatlarning sogʻlomlashtiruvchi turlaridan tarkib topgan oʻyin mashqlari (yugurish, uloqtirish va hokazo) oʻzgaruvchan oʻyin vaziyatlari bilan muvofiqlikda turli xil variantlarda bajariladi va umuman organizmga ta’sir qilish samaradorligi boʻyicha va harakatning pirovard natijasi boʻyicha baholanadi. Sayohatdagi jismoniy mashqlarga yurish, yugurish, sakrash, toʻsiqlarni engish, changʻida yurish, velosipedda yurish, qayiqda suzish va boshqalar kiradi. Sogʻlomlashtiruvchi sharoitlarda yurish, yugurish, sakrash, toʻsiqlarni engib oʻtish, changʻida yurish, velosipedda yurish, qayiqni eshkak bilan eshish qoʻshilib, sayohatchi uchun jismoniy mashqlarni tashkil etadi. Ularning samaradorligi organizmga majmuali ta’sir oʻtkazish, joylardagi toʻsiqlar va masofani yengish natijasi bilan baholanadi.Sportdagi mashqlar maksimal sport natijalariga erishish uchun ixtisoslashtirish predmetidir va yagona sport turkumlari bilan muvofiqlikda sun’iy standartlashtirilgan oxirgi guruhga, agar ularga qayd qilingan belgilar tegishli boʻlsa, birinchi uchala guruh kiritilishi mumkin boʻladi (sport gimnastika mashqi, sport oʻyin mashqi, sport sayohatchi mashqi). Ushbu turkumlarning shartliligi bu guruh mashqlarini tavsiflovchi belgilar tafovutida koʻrinadi. Shuning uchun masalan, yugurish, garchi toʻrttala guruhda turli variantlarda ifodalangan boʻlsa ham, shunga oʻxshash turkumlar jismoniy mashqlarning faqat umumiy moʻljalida berilgan. 2. Mushak faoliyatining belgilari boʻyicha beriladigan jismoniy mashqlar turkumi (harakat sifatlarining rivojlanishiga ta’sir qiluvchi belgilar boʻyicha). Tezlik-kuch mashqlari shugʻullanuvchidan nisbatan qisqa vaqt ichida maksimal harakat qilishni talab etadi (masalan: qisqa masofaga yugurish, sakrashlar); chidamlilik namoyon qilishni talab qiluvchi jismoniy mashqlar (masalan, uzoq masofalarga yugurish, changʻida yurish va b.). Oʻzgaruvchan sharoitlarga muvofiq zoʻr berish darajalarini muntazam almashtiruvchi, harakatlantiruvchi sifatlarni namoyon qilish majmuasini talab etuvchi jismoniy mashqlar (oʻyinlar, yakkama-yakka kurashish). Bu turkumning shartliligi bir tomondan, jismoniy mashqni tanlab olishga imkon beradi. Uning yordami bilan harakat sifatlarining rivojlanishiga samarali erishish mumkin. Ikkinchi tomondan, u yoki bu xususiyatli mashqni muvaffaqiyatli bajarish uchun qaysi zaruriy sifatga ega boʻlishni bilish. 3. Ilmiylik vazifasini yechish uchun ularning ahamiyati boʻyicha jismoniy mashqlar turkumlari. Ushbu turkumlarning shartliligi shundan iboratki, unda harakat koʻnikmasi, koʻnikmani shakllantirishga va harakat sifatlarining rivojlanishiga qaratilgan mashqlar sun’iy ravishda ajratiladi, ayni bir vaqtda har ikkala jarayon ajralmasdir. Biroq bunday turkumlashning amaliy ma’nosi yoʻqolmaydi. U mashqni oʻrgatishning har bir bosqichida yetakchi vazifalarni yechish uchun tanlashga yordam beradi va koʻp darajada ularni yechishga koʻmaklashadi. 4. Asosan ayrim mushaklar guruhining rivojlanish belgilari boʻyicha jismoniy mashqlar turkumlari: yelka kamarida qoʻllar mushaklari uchun, boʻyin va gavda mushaklari uchun, bel va oyoqlar mushaklari uchun nazarda tutilgan. Bu turkum ichida mashq boldir-tovon mushagi uchun, tizza mushagi uchun va hokazolarga boʻlinadi; tikka turib, oʻtirib, yotib, individual va juft boʻlib, predmetlar bilan va predmetlarsiz bajariladigan mashqlarda jismoniy sifatlarning rivojlanishi uchun beriladigan mashqlar. 5. Sport turlari boʻyicha jismoniy mashqlar turkumlari. Sportning har bir turi oʻziga xos mashqlar turkumlariga ega. Pedagogik turkumlashdan tashqari biomexanikada (statik, dinamik, siklli, siklli, kombinatsiyalashtirilgan va boshqa jismoniy mashqlar) mashqlarga, fiziologiyada esa turli kuch bilan (maksimal, submaksimal, katta va moʻtadil quvvatli) bajariladigan mashqlarga boʻlish qabul qilingan.