[go: up one dir, main page]
More Web Proxy on the site http://driver.im/Kontent qismiga oʻtish

Hayot falsafasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Hayot falsafasi (nemischa: Lebensphilosophie ) — hayotning mazmuni, maqsadi, qadr-qimmati haqidagi muammolarni tadqiq va talqin etuvchi falsafiy oqim. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Germaniya va Fransiyada paydo boʻlgan. Hayot falsafasining ibtidosida A.Shopengauer turadi, asoschisi esa F.Nitsshe hisoblanadi. Oqim vakillari fikricha, hayot — birinchi oʻrindagi voqelik, keyinchalik maʼnaviyat va moddiyatga, ong va borliqqa boʻlinadigan uzviy yaxlitlik. Hayot Hayot falsafasining asosiy tushunchasi hisoblanadi. Hayot falsafasi hayotning mohiyatini uning oʻzidan anglab olishga intiladi. U his-tuygʻular va instinktlarni ulugʻlaydi, aqlni tanqid va inkor qiladi. Hayot falsafasi tarafdorlariga koʻra, hayot tushunchasi murakkab, koʻp maʼnoli, oʻzining aniq talqiniga ega emas. Shu sababli uni tabiiy-biologik (F.Nitsshe, A.Klages), madaniy-tarixiy (V.Diltey, G.Zimmel, O.Shpengler, X.Ortega-i-Gaset) tushunish mavjud. Tabiiy-biologik talqinda hayot biologik maʼnoda tushunilib, biologik xossalar butun voqelikka tatbiq qilinadi. Hayot tabiiylik bilan qiyoslanadi va har qanday sunʼiylikka qarshi qoʻyiladi. Bu yoʻnalish tarafdorlari kuch-qudratni ulugʻlaydilar, har qanday gʻoyaning roʻyobga chiqishini kishilar yoki ijtimoiy guruhlarning manfaatlari bilan bogʻlaydilar. K.Bergson fikricha, hayot — fazoviy hayotiy shiddat, u dastlab yagona markazda tugʻilib, koʻp jihatlardan bir-biridan farqlanadigan qator portlashlar, sifatli sakrashlar orqali parallel ravishda rivojlanib boradi. Uning mohiyati ichki kechinmalardan kelib chiqadigan, qalbdagi jarayonlar vositasida fahmlab olinadigan ong yoki aʼlo ong. Diltey, Zimmel hayotning mohiyatini ichki ruhiy kechinmalardan izlaydi. Ortega-i-Gaset inson hayotini tabiatga qiyoslab oʻrganishga intilgan aqlning bunday tadqiqot uchun zaiflik qilishini takidlaydi. U ham inson bilan olam yaxlitligini, inson hayotining tashqi taʼsirlardan xoli, oʻz-oʻzicha ibtidoga ega ekanini hisobga oladigan, aqlning nisbatan keng maʼnodagi tushunchasini ishlab chiqishga urinadi. Nuqtai nazardagi bunday fikrlarga qaramay, ularda hayot mexanik, tartibsiz tuzilmalarga,barcha qatʼiy belgilab qoʻyishlarga, qotib qolishlarga qarshi turadigan ijodiy shakllanishning uzviy jarayoni sifatida namoyon boʻladi.

Ijod, ayniqsa, badiiy ijod Hayot falsafasi uchun nihoyatda muhim, u hatto hayotning oʻzi. Shu nuqtada Hayot falsafasi noratsional intuitivizmga, uning bilish nazariyasiga yaqinlashadi. Chunonchi hayot dinamikasini, narsa-hodisaning individual tabiatini umumiy tushunchalarda ifodalab boʻlmasligi, uni bevosita fahmlash, intuitsiya orqali angʻlash mumkinligi har ikkala oqimga xos. Hayot falsafasi fan bilan falsafaning olamga yondashuvidagi keskin farqni koʻradi. Fan olamni egallash va oʻziga boʻysundirishga harakat qiladi, falsafaga esa mushohadakorlik xos, shu xususiyati bilan u sanʼatga yaqin. Aql oʻz tabiatiga koʻra hayotdan uzilib qolgan; aqliy bilish va unga asoslanadigan fan narsalarni emas, narsalar oʻrtasidagi munosabatlarnigina anglab yetishi mumkin. Ratsional bilish sof amaliy manfaatlarni qondirishga, foyda keltiradigan maqsadga muvofiqlikka qaratilgan. Ilmiy bilishga nointellektual, intuitiv, hayotni anglab yetishning timsolli-ramziy usullari qarama-qarshi qoʻyiladi. Sanʼat asari, ayniqsa, sheʼriyat, musiqa hayotni anglash va nisbatan aynan ifodalash vositasidir.

Hayot falsafasi uchun zamon — ijod, taraqqiyot va tashkil topishning mohiyati sifatida muhim ahamiyatga ega. Tarix esa Hayot falsafasida tugʻilishdan to oʻlimgacha boʻladigan biologik davriylikka oʻxshash jarayonlarni boshidan kechiradigan noyob va takrorlanmas „madaniy organizmlar“ sifatida namoyon boʻladi. Tarixiy jarayon, sababiyat qonuni hukmronlik qilgan tabiatdan farqli oʻlaroq, taqdirga boʻysunadi. Tarix faqat tabiat dunyosidagina harakat qiladigan obyektiv qonuniyatlar iskanjasidan chiqib ketadi. Hayot falsafasi tarafdorlari (ayniqsa Nitsshe) til muammosiga katta ahamiyat beradi. Ularning fikricha, til real hayotni izohlab berishga ojizlik qiladi, chunki til istioralar va timsollar shaklida asl, kelib chiqish jarayonidagi maʼnolarini yoʻqotadi: individual iboralar umumiy tushunchalarga aylanadi, bu tushunchalar orqali ifodalangan olam asl olamga mos kelmaydi. Hayot falsafasida keyinchalik „omma jamiyati“ tushunchasi paydo boʻldi; u individni erksizlikka, ijoddan mahrumlikka, begonalashuvga olib keladi. Bu qarashlar oʻsha paytlarda paydo boʻlayotgan demokratiya, tenglashtiruvchilik gʻoyalaridan „sara odamlar“ madaniyatini himoya qilishga daʼvat sifatida oʻzini koʻrsatadi. Shu sabablar tufayli Nitsshe umum qabul qilingan qadriyatlarni, meʼyorlarni „tabiiy“ hayot nuqtai nazaridan qayta baholashga, asl „hayotiy“ qadriyatlarning ifodachisi boʻlmish komil odamga ergashishga chorlaydi. Shpengler fikricha, madaniyat gullab-yashnagan davrdan keyin, madaniy organizmlarning asta-sekin tanazzulga uchrashi roʻy beradi, unda xalqlar oʻz xulq-atvori va faoliyatiga koʻra ommaga aylanadi. Hayot falsafasi 20-asr boshida Bergson, Zimmel, Diltey, Keyzerling va Klages timsolida oʻzining yuksak choʻqqisiga yetdi. Hayot falsafasining ayrim gʻoyalari keyinchalik personalizm, ekzistensializm, falsafiy antropologiya tomonidan oʻzlashtirildi.