[go: up one dir, main page]
More Web Proxy on the site http://driver.im/Kontent qismiga oʻtish

Gidrotexnika

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Gidroelektr stansiya

Gidrotexnika (gidro... va texnika) — texnikaning suv resurslari (daryo, koʻl, dengiz, okean, yer osti va atmosfera, suvlari)dan xalq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun foydalanish va suv keltiradigan zararlarga qarshi kurashish hamda shu maqsadlar uchun ishlatiladigan gidrotexnika inshootlarini loyihalash va qurish masalalari bilan shugʻullanadigan sohasi. G. fan sifatida gidrologiya, gidrogeologiya, gidravlika, gidromexanika, tuproq mexanikasi, qurilish mexanikasi, muxandislik geologiyasi va b.ga tayanadi. G. suv oqimlarining gidrotexnika inshootlari va oʻzanlarga taʼsirini, suvning oʻpiruvchi, yemiruvchi taʼsirlaridan himoyalash usullarini oʻrganadi; daryolar oqimini rostlash usullarini ishlab chiqadi; gidrotexnika inshootlari va asoslarining chidamlilik nazariyasini ishlab chiqadi va b. G. sohasidagi nazariy izlanishlar gidrotexnika inshootlarini lab.larda modellarini yasab, sinovdan oʻtkazib, ularni hisoblash va qurish usullarini yaratishga imkon beradi. G. amaliyotda suv energiyasidan foydalanish (qarang Gidroenergetika), qishloq xoʻjaligi yerlarini melioratsiyalash, sanoat va b. obʼyektlarni suv bilan taʼminlash, aholi yashaydigan punktlar va korxonalarning hududlaridan ortiqcha, oqova va ifloslangan suvlarni chiqarib yuborish (qarang Kanalizatsiya), aholi yashaydigan punktlar, korxonalar, inshootlar va qishloq xoʻjaligi yerlarini toshqinlardan saqlash bilan shugʻullanadi.

G. qadim zamonlarda paydo boʻlgan. Oʻzbekistonda ham qadimdan korizlar, sardobalar, toʻgʻonlar, qaynamalar, akveduklar, kanallar qurilgan, yerning shoʻri yuvilgan, Sirdaryo va Amudaryo vodiylarida gidrotexnika inshootlari barpo qilingan. Sirdaryoning togʻ va togʻ etagi qismlarida katta-kichik soy (Chortoqsoy, Kosonsoy, Isfaramsoy, Shohimardonsoy) va daryolar (Isfara, Chirchiq, Ohangaron)da koʻpgina kanallar qurilib, dehqonchilik qilishgan. Sirdaryo havzasidagi bir qancha soy (Shahrixonsoy, Margʻilonsoy, Andijonsoy) va kanal (Zax, Iskandar, Boʻzsuv, Salor, Xon va b.)lar, Surxondaryo, Qashqadaryo va Zarafshon vodiylarida, Janubiy Xorazm hamda Qoraqalpogʻistonda qurilgan bir qancha kanal va inshootlar bizgacha saqlanib kelgan.

Sharqning ulugʻ allomasi Axmad alFargʻoniy Nil daryosiga suv sathini oʻlchaydigan G. inshootini qurgan. Oʻrtaosiyolik Muhammad Latif oʻgʻli Hasan 18— 19-asrlarda Samarqandda Obirahmat arigʻini, Zarafshonda Mingdona arigʻini qazdirgan va 445 ga yerga suv chiqargan. Gʻuzordagi dasht yerlarga koriz qazdirib, 800 tanob yerni oʻzlashtirgan. Xorazm, Turkmaniston, Zarafshon vodiysi va b. joylarda muhandislik yechimi nihoyatda mukammal boʻlgan qadimiy toʻgʻonlar, kanallar va gidrotexnika inshootlari barpo etilgan.

Oʻzbekistan Respublikasida G. fanini rivojlantirishga Oʻrta Osiyo irrigatsiya ilmiy tadqiqot instituti (SANI-IRI), Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ning Suv muammolari instituti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va bir qator loyihalash institutlari olimlari (R.A. Alimov, A.M. Muhamedov, Z.R. Husanxoʻjayev, R.R. Abduraupov, X.A. Irmuhamedov, E.J. Mahmudov, X.A. Ismoilov, M.R. Baqoyev, V.A. Skrilnikov va b.) salmokli hissa qoʻshdilar.

Oʻzbekistonda 53 suv ombori, 41 GES, 1456 nasos st-yasi, 134 ming km zovurlar, 30 ming km xoʻjaliklararo kanallar, 156 ming km ichki tarmoq kanallari qurilgan boʻlib, 4,3 mln. ga yer maydonini sugʻoradi.

Masharip Baqoyev, Shavkat Rahimov.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil