[go: up one dir, main page]
More Web Proxy on the site http://driver.im/Kontent qismiga oʻtish

Ahmad Yugnakiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ahmad Yugnakiy
Tavalludi XII asr oxiri
Yugnak qishlogʻi, Samarqand
Vafoti XIII asr oxiri
Fuqaroligi Qoraxoniylar davlati
Kasbi Shoir
Otasi Mahmud Yugnakiy

Yugnakiy[1], Ahmad Yugnakiy (XII asr oxiri, Samarqand, Yugnak qishlogʻi — XII asr 1-yarmi, ?) — turkiy shoir, mutafakkir, yirik adib, hadisshunos va taʼlimiy didaktik adabiyot namoyandasi.

Ahmad Yugnakiy Samarqandga yaqin Yugnak qishlogʻida ziyolilar oilasida tugʻilgan[2]. Boshqa taxminlarga qaraganda Fargʻona vodiysining Yugʻnoq qishlogʻida tugʻilgan[manba kerak]. Samarqanddagi madrasalarda taʼlim olgan boʻlib, tugʻma koʻr boʻlgan[2]. Buni Alisher Navoiy ham taʼkidlagan[manba kerak].

Bizgacha uning „Hibat ul-haqoyiq“ („Haqiqat sovgʻalari“) dostoni saqlanib qolgan boʻlib, bu asar Fargʻona hukmdori Dodsipohsolarga bagʻishlangan. Asarning bizga qadar bir necha qoʻlyozmalari yetib kelgan boʻlib, XV asrda koʻchirilgan arab va uygʻur yozuvidagi qoʻlyozma nusxalari Istanbulda saqlanadi. Asar 14 bobni tashkil qilgan boʻlib, u Qurʼon va hadis hikmatlarining badiiy sharhi hamda ilm oʻrganishning foydalari, shirinsuxanlik, kamtarlikning foydalari, takobur, xasislik, achchiqzabonlikning zararlari xususida ham fikr yuritilgan. Alisher NavoiyNasoyim ul-muhabbat“ asarida Yugnakiyni eslab „Hibat ul-haqoyiq“ dostonidan bir bayt keltirgan[2].

Taʼlimiy doston janriga mansub bu asarda ijtimoiy, siyosiy masalalar bayon qilingan, bilim foydasi va til odobi kabi axloqiy muammolar talqini berilgan. Adib Ahmad yashagan davri va joyi haqida adabiyotshunoslikda turli qarashlar mavjud. Asarining toʻla matni (izoh va nasriy bayon) eʼlon qilingan, rus olimlari S.Malov, E.Bertels, N.Baskakov, I.Stebleva; turk olimlari F.Koʻprulu, N.Osimbek, R. R.Arat, T.Takin va oʻzbek olimlari Fitrat, Q.Mahmudov, I.Haqqulov, M.Imomnazarov, H.Boltaboevning tadqiqot va maqolalari bor.

Tarjimai holi haqida deyarli maʼlumot yoʻq. „Hibat ulhaqoyiq“ („Haqiqatlar tuhfasi“) asari bizgacha yetib kelgan. Uning oxirida Adib Ahmad ismi tilga olinadi. Asar nusxalaridan biriga temuriy amaldorlardan Arslonxoja Tarxon tomonidan ilova qilingan 10 baytli masnaviyda Yu. haqida baʼzi maʼlumotlar mavjud. Undan maʼlum boʻlishicha, Adib Ahmad Yugnak degan soʻlim va bahavo joyda tugʻilgan. Otasining oti Mahmud Yugnakiy boʻlgan. Kitobi adabdan iborat boʻlib, nomi —"Hibat ulhaqoyiq". Kitob koshgʻariy tilda sheʼriy yoʻl bilan yozilgan. „Qutadgʻu bilig“dan 1—2 a. keyin yaratilgan bu asar oʻzbek mumtoz adabiyotining noyob durdonasi hisoblanadi. Alisher Navoiy „Nasoyim ulmuhabbat“ tazkirasida Yu.ni Oʻrta Osiyoning mashhur shayxlari qatoriga qoʻyib, uning tugʻma koʻrligi xususida soʻzlaydi, yana Navoiy Husayn Boyqaroʼtt oʻgʻli Badiuzzamonga yozgan xatlaridan birida ham „Hibat ulhaqoyiq“dan parchalar keltiradi. „Hibat ulhaqoyiq“ asari shoir haqidagi maʼlumotlarni birmuncha toʻldirishga, Yu. yashab ijod etgan davrni tahlil qilishga imkon beradi.

YU. tugʻilgan joy olimlar oʻrtasida koʻp tortishuvlarga sabab boʻlgan. Samarqand, Fargʻona va Turkistonda Yugnak degan joy borligi aytilsada, koʻpchilik uni Samarqand atrofida deyishga moyil va keyingi tadqiqotlar bu fikrning toʻgʻriligini tasdiqlaydi. XII asrda yashagan mashhur muarrix Abulkarim asSamʼoniy „AlAnsob“ („Nasabnoma“) kitobida yozadi: "Bu nisba (taxallus) „Yugʻanak“dan va bu (joy) Samarqand qishloqlaridan. Bu nisba bilan Abuhomid Ahmad ibn Abu Ahmad alYugʻanakiy mashhurdirlar".

Shoir „Hibat ulhaqoyiq“ni tugatib, uni hukmdori Dod Sipohsolorbekka taqdim etadi. Mashhur sharqshunos olim Ye. E.Bertels bu asar qadimiy oʻzbek adabiy tilidan mumtoz oʻzbek adabiy tiliga oʻtishda bir koʻprik boʻlganini aytadi. Asar tilida qadimiy turkiy soʻzlardan koʻra, arab va fors soʻzlarining koʻp qoʻllangani shundan dalolat beradi. Yu. bu asari bilan oʻzbek adabiy tili va adabiyoti rivojiga katta hissa qoʻshgan.

„Hibat ulhaqoyiq“ 14 bob, 512 misradan iborat. Dostonning 1bobi Allohga hamd, 2 bobi Muhammad (sav) naʼti va choryorlar taʼrifiga, 3bobi Dod Sipohsolorbek madhiga bagʻishlangan. 4 bobda kitobning yozilish sabablari bayon qilingan. Dastlabki 4 muqaddima bobdan soʻng asosiy qismga oʻtiladi. 5 bob — maʼrifatning foydasiyu jaholatning zarari, bbob — til odobi, 7 bob — dunyoning oʻtkinchiligi, 8 bob — saxiylik va baxillik, 9 va 10boblar turli masalalarga bagʻishlangan boʻlib, 11 bob — kitobning xotimasi (asarning 1480-yil Istanbulda Abdurazzoq Baxshi tomonidan koʻchirilgan nusxasida 11 bob mavjud — 3 bob yo tushib qolgan, yo boshqalariga qoʻshilib ketgan).

YU. oʻzini shoir emas, balki adab muallimi, deb hisoblagan. Oʻziga xos axloq kitobi boʻlgan bu asarga Qurʼoni karim va Hadisi sharif maʼnolari singdirilgan. U islom dini axloqini tashviq qilish, komil insonni tarbiyalab yetishtirish maqsadi bilan yozilgan.

„Hibat ulhaqoyiq“ ilk bor uygʻur yozuvida bitilgan. Uning nusxalari koʻp boʻlib, ularda asar hajmi turlicha. Hozircha maʼlum qoʻlyozmalardan 3 tasi (biri uygʻur yozuvi, ikkinchisi arab va uygʻur yozuvi, uchinchisi esa arab yozuvi bilan bitilgan) toʻliq, qolganlari parchalardan iborat. 1444 yil Samarqandda Zaynulobidin baxshi, 1480-yil Istanbulda Abdurazzoq baxshi va Turkiyaning Toʻpqopi kutubxonasidagi nomaʼlum kotib tomonidan koʻchirilgan qoʻlyozmalar eʼtiborli nusxalar hisoblanadi. Asarni 1marta turk olimi Najib Osimbek topib (inv. № 4757), nashr ettirgan (qisqartirilgan nashri — 1906, toʻliq nashrlari1916, 1925). Keyin 1951 va 1992 yillarda uni R. R. Arat soʻzboshi, izohlar va 6 ta nusxasining faksimilesi va Turkiyada 16-asrda koʻchirilgan arab yozuvidagi nusxasining tarjimasi bilan nashr ettirgan. Oʻzbekistonda asardan parchalar Fitrat, Oybek, P.Shamsiyev, S.Mutallibovlar tomonidan oʻzbek adabiyoti namunalaridan tuzilgan majmualarda eʼlon qilingan. Soʻng u Q.Mahmudov tomonidan alohida kitob holida eʼlon qilindi (1968; 1971). Oʻtgan asr oxirlarida uygʻur olimlari H. Temur va T. Ayyub, qozoq olimlari E. Qurishjonov va boshqa. Sogʻindiqovlar uni asl matni, tarjima va fotonusxalari bilan nashr ettirganlar. Shuningdek, Ye. E.Bertels, Fitrat, Fuod Koʻprulu, T. Takin, E. Rustamov, N.Mallayev, A.Qayumov, A.Hayitmetov, A.Rustamov, M.Imomnazarov, B.Toʻxliyev, N.Rahmonov, I.Haqqulov, G.Xoʻjanova va boshqalar Yu. va „Hibat ulhaqoyiq“ haqida u yoki bu darajada tadqiqot ishlarini olib borganlar.

Nashr qilingan asarlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Ahmad Yugnakiy. Hibatul-haqoyiq. Kitobda: Q. Mahmudov. Ahmad Yugnakiy va uning „Hibatul-haqoyiq“ asari toʻgʻrisida. — T.: 1972;
  • Ahmad Yugnakiy. Hibatul-haqoyiq (nashrga tayyorl. Q. Mahmudov) -T.: 1972.
  • Alisher Navoiy, Nasoyim ulmuhabbat [Mukammal asarlar toʻplami], 17j., T., 2001;
  • Abdurauf Fitrat, „Hibat ulhaqoyiq“ [Tanlangan asarlar, 3 j.li], 2j., T., 2000;
  • Mahmudov Q., Ahmad Yugnakiyning „Hibat ulhaqoyiq“ asari haqida, T., 1972;
  • M a l l a ye v N., Oʻzbek adabiyoti tarixi, T., 1976;
  • Oʻzbek adabiyoti tarixi [5 j.li], 1j., T., 1978;
  • Buyuk siymolar, allomalar, 1-kitob, T., 1995;
  • Xoʻjanova G., „Hibat ulhaqoyiq“ haqiqatlari, T., 2001;
  • Hibat ulhaqoyiq, T., 1968, 1971;
  • Qadimgi obidalar, T., 1972;
  • Qadimiy hikmatlar, T., 1987;
  • XI—XIV asrning turkiy yodgorliklari, T., 1994.

Ilmiy adabiyot

  • Fitrat. Hibatul-haqoyiq.. „Tanlangan asarlar“. (nashrga tayyorl. H.Boltaboev). 2-jild. — T.: Maʼnaviyat, 2000;
  • Q.Mahmudov. XII—XIII asrlar adabiy manbalarining fonetikasi. — T.: 1994;
  • H.Boltaboev. Butun ehtimollarning kuchlisi. „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“, 1997. 13 iyun.
  • G.Xoʻjanova. „Hibatul-haqoyiq“ haqiqatlari. — T.: 2001.
  1. Axmad Yugnaki // Kratkaya literaturnaya ensiklopediya. T. 1. — 1962
  2. 2,0 2,1 2,2 Hamidjon Xomidiy; Mahmud Hasaniy. Mashriqzamin hikmat boʻstoni. Toshkent: „Sharq“ nashriyotmatbaa konserni, 1997-yil — 251-bet.