[go: up one dir, main page]
More Web Proxy on the site http://driver.im/

Shumtolzaytundoshlarga mansub daraxtlar turkumi. Tabiiy hodda uchraydigan 65 turi maʼlum. Oʻrta Osiyo togʻlari yon bagʻirlarida va togʻ daryolari vodiylarida suriya Shumtoli, daryo boʻyi Shumtoli va sugʻd Shumtoli oʻsadi. Oʻrta Osiyoning shahar va qishloqlarida pensilvaniya Shumtoli (qora shumtol), oddiy Shumtol, amerika Shumtoli (oq shumtol), bezakli Shumtol va nashtarbarg Shumtol turlari manzarali daraxt sifatida ekiladi. Shumtol yorugʻsevar, qurgʻoqchilikka chidamli oʻsimlik. Koʻklamgi qorasovuqlardan koʻproq zararlanadi. Daraxtlari 150— 350 yil yashaydi, 15—20 yoshida gullaydi. Ildizi baquvvat, yon tomonga keng tarqalgan. Daraxtining bal. 30–50 m, tana aylanasi 1,5 m, shoxshabbalari uzuntuxumsimon. Bargi patsimon murakkab, kuzda toʻkiladi. Gullari chetdan changlanadi. Mevasi uzun, qanotli pista yoki yongʻoqcha, qish davomida daraxtda saqlanadi. Shumtol urugʻidan va toʻnka bachkisidan koʻpayadi. Urugʻlari kuzqishda teriladi, bahorda sepiladi. Koʻchatlarini bir yoshda koʻchirib ekish mumkin. Himoya oʻrmonlari barpo etishda, park va xiyobonlarni koʻkalamzorlashtirishda foydalaniladi. Yogochi yogʻochni qayta ishlash sanoatida ishlatiladi.