[go: up one dir, main page]
More Web Proxy on the site http://driver.im/Kontent qismiga oʻtish

Jarrohlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Xirurgiyadan yoʻnaltirildi)

Jarrohlik yoki Xirurgiya (yun. cheir – qoʻl va ergon – harakat, ish), jarrohlik – tibbiyotning bir sohasi. Xirurgik operatsiyalarni talab etadigan kasalliklarni oʻrganadi hamda operatsiya qilish usullarini ishlab chiqadi. Qadimdan odamlar oʻz oʻziga yoki bir-birlariga yordam berib, jarohatdan oqayotgan qonni toʻxtatish uchun jarohatni bosib turish, yaralarga kul sepish kabi oddiy usullardan foydalanganlar. Qadimgi qazilmalarda bosh suyak chanogʻi trepanatsiyasi, oyoq amputatsiyasidan keyingi izlar topilgan. Xirurgiya dastlab fan va madaniyati rivojlangan davlatlar (Misr, Hindiston, Yunoniston, Xitoy, Vizantiya) da shakllangan. Mil. av. ham kasalliklarni davolashda qon chiqarish, qovuqsan toshlarni tushirish operatsiyalari oʻtkazilganligi qayd etilgan. Gippokrat (mil. av. 460—377 yillar) jarohatlarni birlamchi va ikkilamchi bitishini kuzatgan, turli bogʻlovlarni qoʻyish texnikasini ishlab chiqqan, operatsiyani oʻtkazishda tozalikka rioya qilish maqsadida qaynatilgan yomgʻir suvidan foydalangan. U ishlab chiqqan plevra boʻshligʻini drenajlashda qoʻllaniladigan qovurgʻa rezeksiyasi operatsiyasi hozir ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Qad. Rimda Sels (Antillus) baʼzi aʼzolar anatomiyasini, yalligʻlanishning belgilarini va operatsiya vaqtida qon toʻxtatish uchun tomirlarni bogʻlash, oqma yaralarni davolash usullarini, Galen esa jarohatlarni tikishda ipaqdan foydalanishni, jarroxlik operatsiyalarini oʻtkazishda aʼzolarning anatomiyasi va funksiyasini hisobga olish zarurligini taklif etgan. Abu Ali ibn Sino (980—1037) „Tib qonunlari“ asarida xirurgik kasalliklarni davolashda qoʻllangan usullarni bayon etgan; u operatsiya vaqtida narkoz sifatida bemorga opiy, mandragor ishlatgan, shuningdek, buyrakdan tosh olish, oʻsmalarni aniqlash va oʻsmani sogʻlom toʻqimagacha olib tashlash va boshqa operatsiyalar texnikasini yaxshi bilgan.

A. Levenguk (1632—1723) tomonidan mikroskop, V. K. Rentgen tomonidan rentgen nurining kashf etilishi kasalliklarni aniklashda (diagnostika) muxim rol oʻynadi.

1731 yilda Parijda Xirurglar Akademiyasiga asos solindi. Shundan soʻng Xirurgiya fan sifatida taraqqiy eta boshladi.

Umuman Xirurgiya 3 bosqichda rivojlandi: 1) qad. zamonlardan antiseptika davrigacha (1860); 2) antiseptika davri (1860—1890); 3) aseptika davri – hozirgacha davom etmoqda.

19-asrning 2-yarmida narkoz, antiseptika, aseptikaning joriy etilishi Xirurgiya taraqqiyotida ijobiy yutuklarga olib keldi (qarang Antiseptika, Aseptika). Shunga kura meʼda, ichaklar, oʻpka va boshqa ichki aʼzolarda yirik operatsiyalar muvaffakiyatli oʻtkazila boshlandi. 19—20-asrda turli mamlakatlarning xirurglari oʻtkazgan keng eksperimental tadqiqotlar eng murakkab operatsiyalarni: meʼdani, ichak yoki oʻpkaning bir qismini olib tashlash, tomirlar va nervlarni tikish, shuningdek, singan suyaklar, jarohatlar, kuyishni davolashning operatsiya usullari va texnikasini ishlab chiqish imkonini berdi. Xirurgiyaning tarmoqlari koʻpayib, travmatologiya, ortopediya, urologiya, neyroxirurgiya, bolalar xirurgiyasi kabi mustaqil ilmiy amaliy sohalar vujudga keldi.

Hozirgi zamon Xirurgiya fani kimyo, fizika, molekulyar biologiya kabi sohalardagi yutuqlar natijasida rivojlanib bormoqda. Shunga koʻra yurak klapanlari va tomirlarni protezlash, aʼzolar hamda toʻqimalarni koʻchirib oʻtkazish, sunʼiy boʻgʻimlar yaratish, sunʼiy yurak vujudga keltirishga doir ishlar amalga oshirildi. Miokard infarktini operatsiya yoʻli bilan davolash, mikroxirurgiya (butunlay uzilgan barmoqni tiklash yoki yurakning mayda tomirlarida yangi qon oqimini vujudga keltirish), lazerlar, maxsus kameralarda yuqori kislorod bosimi, yaʼni giperbarik oksigenatsiya qoʻllash, yarador va kuyganlarga davo kilishda mikrobsiz sharoitlar yaratish, sunʼiy va qoʻshimcha qon aylanishi va boshqa Xirurgiyada yangi yoʻnalishlar boʻlib qoldi.

Oʻzbekistonda Xirurgiyaning shakllanishi 1920 yil Turkiston universitetining tibbiyot qoshida xirurgiya kafedrasi tashkil etilishi bilan bogʻliq. Keyinchalik Toshkent, Samarqand, Andijon, Buxoro tibbiyot instituti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, shuningdek, Toshkent vrachlar malakasini oshirish intlarida, Butunittifoq klinik va eksperimental xirurgiya institutining Toshkent filiali (1977 yil hozirgi V. Vohidov nomidagi ixtisoslashtirilgan Xirurgiya markazi) da xirurgiya kafedralari faoliyat koʻrsata boshladi. Mazkur ilm maskanlarida vrachlar tayyorlash va turli xirurgik muammolar ustida tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Oʻzbekistonda Xirurgiyaning rivojlanishida S. A. Maʼsumov, Oʻ. O. Oripov, V. V. Voxidov, M. Ashrafova, P. M. Nurmuhamedov, Sh. I. Karimov, D. S. Gʻulomov, F. G. Nazirov, S. M. Aʼzamxoʻjayev, S. A. Dolimov, L. D. Vasilenko, A. M. Gʻofurov, K. X. Tohirov va boshqalarning xizmatlari katta.

Hozirgi ilmfan va texnikaning rivojlanishi, yangi tadqiqot va davolash usullarini ishlab chiqish va tatbiq etish (endoskopiya, ultratovush, kompyuter tomografiyasi, yadromagnit rezonansli tomografiya, laparoskopiya, lazer nurlari va boshqalar) Xirurgiyani yanada rivojlanishiga olib keldi. 1998 yil Toshkentda shoshilinch tibbiy yordam markazi hamda viloyatlarda uning filial va subfiliallari tashkil etiddi.

  • Aʼzamxoʻjayev S. A., Rahmonov R. Q., Yanboyeva R. K,., Xirurgikkayealliklar, T., 1991; Karimov Sh. I., Shomirzayev N. X., Xirurgicheskiye bolezni, T., 1994.