[go: up one dir, main page]
More Web Proxy on the site http://driver.im/Kontent qismiga oʻtish

Ptolemey Klavdiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ptolemey Klavdiy

Ptolemey Klavdiyning portreti Justus van Gent va Pedro Berruguete tomonidan yaratilgan (1476-yil)
Tavalludi 100
Vafoti 170[1]
Fuqaroligi Qadimgi Rim
Sohasi Astronomiya, geografiya, astrologiya, optika
Mashhur ishlari Ptolemey olami, Ptolemey dunyo xaritasi, Ptolemeyning intensiv diatonik shkalasi, Ptolemeyning akkordlar jadvali, Ptolemey tengsizligi, Ptolemey teoremasi, tenglama, evektsiya, kvadrant

Ptolemey Klavdiy (taxminan milodiy 170-yilda vafot etgan) — yunon olimi. Iskandariyada astronomik kuzatishlar olib borgan. Ptolemey „Almagest“ va „Surat ul-arz“ nomli mashhur asarlar muallifi. „Almajistiy“ asari oʻsha davrgacha boʻlgan astronomiya fani yutuqlarining geotsentrik sistemadagi bayonidir.

Ptolemeyning „Geografiyadan qoʻllanma“ asarida muhim geografik maʼlumotlar bilan birga koʻplab geografik joylar, jumladan, Oʻrta Osiyoning Buxoro, Samarqand, Koʻlob, Kos, Binkat, Shosh, Zomin, Forob, Fargʻona kabi shahar va viloyatlarining geografik koordinatalari keltirilgan. Ptolemeyning asarlari Sharqda astronomiya, matematika va geografiyaning rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatdi. Beruniy „Qonuni Maʼsudiy“ asarini yozishda Ptolemeyning asarlariga asoslangan. Ptolemeyning matematika, astronomiyaga bagʻishlangan „Analemma“, „Planisferiy“, „Oʻlchamlar haqida“ va boshqa asarlari maʼlum. Optikaga oid 5 jildli risolasi tamoman yoʻq boʻlib ketgan deb hisoblanardi. Lekin 1801-yil uning arabchadan lotin tiliga qilingan toʻliq tarjimasi topilgan.

Ptolemeyning tugʻilgan yili va tugʻilgan joyi nomaʼlumdir. XIV asr astronomi Teodor Meliteniotesning yozishicha, Ptolemeyning tugʻilgan joyi Misrning Tebaid hududidagi yunon shahri Ptolemey Germiu (hozirgi El Mansha, Soxag gubernatorligi). Biroq, uni tasdiqlovchi hech qanday dalil yoʻq[2].

Maʼlumki, Ptolemey Rim imperiyasi hukmronligi ostidagi Misr provinsiyasi (viloyati)ning Aleksandriya (hozirgi Misrning Iskandariya) shahri yoki uning atrofida yashagan[3]. Uning lotincha ismi Klavdiy boʻlgan, bu esa uning Rim fuqarosi ekanligini bildiradi[4]. U yunon faylasuflari bilan tanish boʻlgan va Bobil kuzatishlari va Bobil oy nazariyasidan foydalangan. Ptolemey Iskandariyada vafot etgan[5].

Klavdiy Ptolemey kuzatuvlarining umumiy sifati bir qancha yangi olimlar tomonidan eʼtirozga uchraydi, biroq Robert Rassel Nyuton oʻzining 1977-yilda chop etgan „Klavdiy Ptolemeyning jinoyati“ kitobida Ptolemey oʻzining koʻplab kuzatishlarini oʻz nazariyalariga mos kelishini taʼkidlagan[6].

Ptolemey Klavdiy, asosan, astronomiya va boshqa ilmiy fanlarga qoʻshgan hissasi bilan tanilgan boʻlsa-da, gnoseologik va psixologik munozaralar bilan ham shugʻullangan[7]. Ptolemey Klavdiy „Kriteriya va gegemonikon haqida“ (yunoncha: Ġsrὶ Ěrētērįous) nomli qisqa ocherk yozgan, bu uning dastlabki asarlaridan biri boʻlgan. Ptolemey, xususan, odamlarning ilmiy bilimlarni qanday olishlari (yaʼni, haqiqatning „mezoni“), shuningdek, inson ruhiyati va tuzilishi, uning boshqaruv qobiliyati (yaʼni, gegemonika) bilan shugʻullangan. Ptolemeyning „Kriteriya haqida“ nomli asari matematikadan xoli yagona asar ekanligi bilan ham diqqatga sazovordir[8].

Ptolemey Klavdiy boshqa manbalarda matematik bilimlarning boshqa bilim shakllaridan ustunligini yozgan. Oʻzidan oldingi faylasuflardan biri Arastu (Aristotel) singari Ptolemey Klavdiy ham matematikani falsafa nazariyasining bir turi sifatida tasniflaydi. Lekin Ptolemey matematikani falsafa nazariyasi yoki metafizika sohalaridan ustun deb hisoblaydi.

  1. (unspecified title)
  2. Neugebauer (1975, s. 834)
  3. Heath, Sir Thomas. A History of Greek Mathematics. Oxford: Clarendon Press, 1921 — vii, 273-bet. 
  4. Neugebauer, Otto E.. A History of Ancient Mathematical Astronomy. Springer Science & Business Media, 2004 — 834-bet. ISBN 978-3-540-06995-9. ;
    Toomer, Gerald; Jones, Alexander (2018). "Complete Dictionary of Scientific Biography". Complete Dictionary of Scientific Biography. Encyclopedia.com. 
  5. Pecker, Jean Claude; Dumont, Simone „From pre-Galilean astronomy to the Hubble Space Telescope and beyond“, . Understanding the Heavens: Thirty centuries of astronomical ideas from ancient thinking to modern cosmology Kaufman, Susan: . Springer, 2001 — 309–372-bet. DOI:10.1007/978-3-662-04441-4_7. ISBN 3-540-63198-4. 
  6. Goldstein 1978.
  7. Neugebauer, Otto E.. A History of Ancient Mathematical Astronomy. Springer Science & Business Media, 2004 — 834-bet. ISBN 978-3-540-06995-9. ;
    Toomer, Gerald; Jones, Alexander (2018). "Complete Dictionary of Scientific Biography". Complete Dictionary of Scientific Biography. Encyclopedia.com. 
  8. Schiefsky, M.J.. Strategies of Argument: Essays in ancient ethics, epistemology, and logic Lee, M.-K.: . Oxford University Press, 2014 — 301–331-bet. 
  • Bronshten V. A., Klavdiy Ptolemey, M., 1988