Badriddin Chochiy
Badriddin Chochiy (taxalluslari: Chochiy, Badr, Shoshiy) (1285, Toshkent — 1344, Dexli) — shoir. Misrda va Bagʻdod shahrida tahsil olgan. Turkiy va forsiy tillarda ijod qilgan. 1332-yilda Toshkentdan Dehliga bordi va u yerda Sulton Muhammadshoh Tugʻluq saroyida xizmat qildi. Hukmdorlarga atab qasidalar yozdi. "Malik ush-shuaro" ("Shoirlar shogʻi"), "Faxr uz-zamon" ("Zamon faxri") unvonlariga musharraf boʻlgan. Badriddin Chochiy qasidalarida ijtimoiy turmushdagi kamchiliklarni hajv ostiga olgan, ushbu janrni yuqori bosqichga koʻtargan. Qasidachilikda vasfni qayta tiklagan. Badriddin Chochiy oʻz asarlarida adolatli, xalqparvar shohlarni orzu qilgan. "Qasidai shitoiya" ("Qish qasidasi"), "Qasidai sayfiya" (Yoz qasidasi"), "Qasidai rabbiya" ("Bahor qasidasi") kabi asarlarida tabiat goʻzalliklarini madh etgan. Badriddin Chochiyning 70 ga yaqin qasida, ruboiy, qitʼa va gʻazallarni oʻz ichiga olgan "Sharhi qasoidi Badri Chochiy" ("Badri Chochiy qasidalari sharhi", 1343) asari saqlanib qolgan. Shoir uslubi murakkabligi uchun keyinchalik uning asarlariga maxsus sharxlar bitilgan (Gʻiyosiddin Mustafo, "Kashf ul-asror", 1840/41; Muhammad Usmon Qays, "Nusxai Usmoniy", 1848 va boshqalar).
Badriddin Chochiy qasidalari toʻplamining 2 nusxasi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. № 1051, 151).
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |